Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kichik qishloqning katta muammosi yoxud ta’limdan mahrum bolalar

Kichik qishloqning katta muammosi yoxud ta’limdan mahrum bolalar

Ta’limga e’tibor sezilarli darajada ortgani rost. Buning natijasida maktab, bog‘cha va oliy ta’lim muassasalarida ijobiy o‘zgarishlari ko‘zga tashlanmoqda. Biroq o‘zgarishlar chekka hududlarda yetib borganicha yo‘q. Bunga Surxondaryo viloyati Boysun tumani Ko‘rhoji qishlog‘idagi maktab yaqqol misol.

Qishloqdagi maktabning bor-yo‘g‘i ikki sinfxonasi (uchinchi xonasi ta’mirlanmagan, ko‘mirxonaga aylantirilgan) bo‘lib, bolalar ikki smenada (4-sinfgacha) o‘qiydi, xolos. Mazkur maktab Sho‘rob qishlog‘idagi 20-maktabning filiali qilib qo‘yilgan. Tog‘ va adirlardan iborat har ikki maktab orasidagi masofa 12 kilometrni (!) tashkil etadi. Muammo ham ana shunda!

Chorvachilikka ixtisoslashgan Ko‘rhoji qishlog‘ida ayni paytda 80 nafarga yaqin maktab yoshidagi bolalar mavjud. Deylik, ularning uchdan bir qismi ikki xonali maktabda ta’lim olayotgan bo‘lsa, qolgan nima bilan mashg‘ul, degan savolga aniq javob yo‘q. Bu savol na maktab rahbariyatini, na tuman xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilarini qiynaydi! Ular indamagach, viloyat, respublikadagi mutasaddilar vaziyatni qaydan bilsin? Ehtimol, bilishar? Qaydam. Bilishsa, nega shu paytgacha hech kim muammo yechimi ustida bosh qotirmayapti? Axir, bir qishloq yoshlarining g‘irt savodsiz bo‘lib qolishi kichik fojeami?

O‘zbekistondagi ta’limni jahon standartlari darajasiga olib chiqish harakatlari ketayotgan bir paytda xuddi urush davri bolalari kabi ta’limdan mahrum avlodlar borligi aqlga sig‘adimi?

— Bu bir necha yillik muammo, — deydi yilqichilik fermer xo‘jaligi rahbari Abdumalik Abdumo‘minov. — Ko‘rhoji qishlog‘i 1986 yil elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Qishloq Qashqadaryo viloyatidan Surxondaryoga o‘tib ketadigan katta yo‘ldan 7 kilometr ichkarida joylashgan. Maktabimizni 2002 yili hashar yo‘li bilan ta’mirladik. Oradan 17 yil o‘tib, o‘tgan yili (shikoyat qilaverganimizdan so‘ng) tashqi tomonini oqlab-ko‘klab qo‘yishdi. Ammo shu birgina xonani ta’mirlab berishga yoki qolgan ichki devorlariga ham e’tibor qaratib, maktab o‘quv qurollari bilan ta’minlanishga hafsala qilishmadi...

Qishloq yo‘llari yozda chang, qishda loy. Olti kilometr u yoqqa, yana shuncha masofa bu yoqqa yurib, haftaning olti kunida farzandini maktabga oborib- kelishga hammaning ham sharoiti yetarli emas...

Xullas, Boysunning bir chetidagi qishloqda ta’limdan bebahra avlod ulg‘aymoqda. Ularning taqdiri mutasaddilarni nahot tashvishlantirmasa?

Abduvohid O‘ROZOV

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring