Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kredit-modul o‘qitish tizimi haqida nimalar ma’lum?

Kredit-modul o‘qitish tizimi haqida nimalar ma’lum?

Xabaringiz bor, tahririyatimiz tomonidan «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Loyihamiz doirasida chet eldagi ko‘plab hamyurtlarimiz bilan yaqindan tanishib, ular bilan turli mavzularni qamrab olgan intervyular berib borishga harakat qilyapmiz. Intervyularimizni kuzatib borayotgan o‘quvchilarimiz yaxshi xabardorki, loyihamizning aksariyat qahramonlari xorijdagi yetakchi universitetlarda kredit-modul o‘qitish tizimi bo‘yicha tahsil oladi.

So‘nggi yillarda, mamlakatimiz OTMlarida ham bosqichma bosqich kredit-modul o‘qitish tizimiga o‘tish ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, 2030 yilgacha kredit-modul tizimi joriy etiladigan OTMlar soni 2 tadan 85 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bugungi kungacha, o‘qitishning ushbu tizimi Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetida amaliyotga joriy etilgan.

Ko‘p sonli o‘quvchilarimizning talab va istaklaridan kelib chiqib, ushbu maqolamiz orqali kredit-modul o‘qitish tizimi haqida ma’lumot beramiz.

Avvalo modul tushunchasi haqida. Modul – bu alohida individual o‘quv fani. O‘zida bilimga egalik qilish va kasbiy jihatlarini qamrab olgan bo‘lib, ta’lim oluvchilarning o‘quv dasturini o‘zlashtirish natijasida shakllangan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanishni nazarda tutadi.

Kredit-modul o‘qitish tizimi esa, har bir o‘quv moduli tarkibini tuzishga asoslangan modulning o‘quv natijalari va yakuniy nazoratni kuzatib borish orqali ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini muntazam ravishda baholab boruvchi o‘quv dasturini o‘zlashtirish jarayonini tashkil etish tizimi hisoblanadi.

Mazkur o‘qitish tizimi ma’ruza, nazariy, amaliy, seminar, laboratoriya mashg‘ulotlari, o‘quv amaliyoti, klinik o‘quv amaliyotlar, kurs loyihasi (ishi), shuningdek ta’lim oluvchilarning mustaqil mashg‘ulotlari bo‘yicha haftalik soat yuklamasi va ta’lim oluvchilarning faoliyatini baholash mezonlarini aks ettiradi. Ta’lim oluvchilar tomonidan barcha majburiy faoliyat turlari bajarilgandan va ular baholangandan so‘ng kreditlarni to‘plash mumkin.

Kredit birliklari tizimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu kredit dasturlarini uning tarkibiy qismlari, ya’ni modullar, modullar bloklari, kurslar va boshqalarga biriktirish orqali ta’lim dasturlarini tavsiflashning tizimli usulidir.

Kredit-modul o‘qitish tizimi o‘quv jarayonining quyidagi shakllaridan tashkil topadi:

  • auditoriya mashg‘ulotlari – ma’ruza, nazariy, amaliy, seminar, laboratoriya mashg‘ulotlari, o‘quv (klinik) amaliyoti;
  • auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlar – ilmiy kutubxonada ishlash, mustaqil ishlar, individual maslahatlar, klinik vazifalar, ishlab chiqarish (malaka) amaliyoti, kurs ishi, bitiruv malakaviy ishi, ta’lim oluvchilarning ilmiy anjumanlarda qatnashishi, magistratura mutaxassisliklarida ilmiy faoliyat turlari va boshqalar.

Odatda, kredit ta’lim oluvchi tomonidan o‘quv rejasi bajarilishining ko‘rsatkichi bo‘lib, tegishli o‘quv ishlarini bajarishga ketadigan vaqt (soat)lardan tashkil topadi. Bu modul xususiyati va bo‘lajak mutaxassisni shakllantirish uchun o‘quv ishlarining muhimligidan kelib chiqib ta’lim muassasasi tomonidan belgilanishi mumkin. Har bir modul mustaqil kreditga ega bo‘ladi.

Qayd etish o‘rinliki, kredit-modul tizimiga o‘tish – davr talabi. Bu tizimda o‘qituvchilarni talabalar tanlaydi. Tanlov fanlari soni ko‘paytiriladi, ya’ni talaba o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tanlab o‘rganishi mumkin bo‘lgan fanlar soni ko‘p bo‘ladi.

Ammo kredit-modul tizimida kerakli ballni yig‘a olmagan talabalar OTMlarda uzoq yillar o‘qishiga to‘g‘ri keladi.

Nurillo To‘xtasinov
tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring