Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kundalik.com»ga a’zolik ixtiyoriy» – XTV ota-onalarga eslatma bilan chiqdi

«Kundalik.com»ga a’zolik ixtiyoriy» – XTV ota-onalarga eslatma bilan chiqdi

«Kundalik.com» tizimiga obuna bo‘lish ota-onalar uchun ixtiyoriy sanaladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi eslatmoqda.

Vazirlikka ko‘ra, foydalanuvchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar «O‘zbektelekom» serverlarida saqlanadi. Bu esa o‘quv jarayonlariga aloqador barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.

«Mazkur tizimning afzalliklari shundaki, bu orqali, avvalo, o‘qituvchining vaqti tejaladi, ularga elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Misol sifatida aytish lozimki, qator rivojlangan mamlakatlar o‘qituvchilari buning yordamida har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa o‘qituvchi bolalar bilan ijodiy shug‘ullanishga yoki qo‘shimcha o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga sarflashi mumkin», – deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Qayd etilishicha, «Kundalik.com» loyihasi to‘liq investitsiya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, dasturiy mahsulotni yaratish, uni maktablarga joriy etish, saqlash va rivojlantirish uchun budjet mablag‘lari sarflanmaydi.

Mazkur elektron kundalikning narxi joriy yil uchun 8 ming so‘m (2020-yilda 9,2 ming so‘m, 2021-yilda 8,6 ming so‘m) etib belgilangan.

Mazkur tizim ota-onalar uchun qator qulayliklarni yaratadi. Jumladan, onlayn tarzda:

  • farzandlarining darsga qatnashayotgani;
  • darsni qay darajada o‘zlashtirib borayotgani;
  • ertangi kungi uy vazifalari xususida tezkor ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.

Kundalik.com — raqamli ta’lim platformasi bo‘lib, o‘qituvchilar uchun onlayn rejimda darslarni rejalashtirish, dars ishlanmalarini tuzish, o‘quvchilarning davomati va yutuqlarini jurnal hamda kundalikning elektron shakllarida yuritish imkonini yaratadi. Uning yordamida statistik hisobotlar avtomatik tarzda yuritiladi va qo‘lda yozish shart emasligi bois vaqt behuda sarflashning oldi olinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring