Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Malayziya o‘zbekistonlik yoshlarga ta’lim olish imkoniyatini kengaytirmoqchi

Malayziya o‘zbekistonlik yoshlarga ta’lim olish imkoniyatini kengaytirmoqchi

Sarvarxon Buzrukxonov va Abdul Razzoq Ahmad.

Malayziya Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston yoshlari uchun oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatini kengaytirmoqda. Bu haqda Toshkentda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov va Malayziya global ta’lim xizmatlari agentligi (EMGS) raisi Abdul Razzoq Ahmad o‘rtasidagi muzokaralarda ma’lum qilindi.

Yuqori martabali mehmon Markaziy Osiyo davlatlari bilan oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

«O‘zbekiston – inson salohiyati borasida porloq istiqbolga ega mamlakat. Malayziya bu borada ko‘mak berishga tayyor. Albatta, bu har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi kerak. Biz faqat talaba almashuvi emas, startaplar, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha ham hamkorlik qilish istagidamiz. Shuningdek, o‘zbekistonlik yanada ko‘proq talabalar Malayziya OTMlarida magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olishi tarafdorimiz», – deydi doktor Abdul Razzoq Ahmad «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Qayd etilishicha, Malayziya islom moliyasi, islom banki, muhandislik, tibbiyot, turizm kabi yo‘nalishlarda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor.

Ayni choqda, Malayziya global ta’lim xizmatlari agentligi raisi o‘zbekistonlik yoshlar IT, matematika, fizika va boshqa aniq fanlar bo‘yicha peshqadam ekanini urg‘uladi.

Avval xabar berganimizdek, Malayziyaning yurtimizdagi elchisi Hendi Assan ham o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda turuvchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishga taklif etgan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda Malayziyada 150 ga yaqin davlatdan 120 mingdan zid xorijlik talaba tahsil olmoqda. Mamlakat YuNESKO tomonidan chet ellik talabalar soni bo‘yicha dunyo o‘ntaligiga kiritilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring