Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yetakchi xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlik bitimini imzoladi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yetakchi xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlik bitimini imzoladi

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

27-fevral kuni «Ilm-fan – 2020» milliy rivojlanish dasturi doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi «Times Higher Education» xalqaro reyting agentligi va «Elsevier» kompaniyasi bilan uch yilga mo‘ljallangan hamkorlik bitimini imzoladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Imzolangan Bitimga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi «Times Higher Education» xalqaro reyting agentligi bilan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining jahon ilm-fani olamidagi mavqeini mustahkamlash, ta’lim bozorida raqobatbardoshligini oshirish, qolaversa, dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim markazlari, nufuzli universitetlarning xalqaro reytingiga mahalliy universitetlarni kiritish yo‘lida birgalikda harakat qiladi.

Kelishuv doirasida vazirlik respublikadagi eng yaxshi universitetlar rektorlari va proyektorlaridan iborat «Times Higher Education» ekspertlari bilan birgalikda ishlaydigan ishchi guruhni shakllantiradi. Mazkur ishchi guruh a’zolari noyob ma’lumotlar va tahlillardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar hamda rivojlanishning ustuvor vazifalari va institutsional  strategiyasini ishlab chiqishda «Times Higher Education»ning doimiy ko‘magidan foydalanishadi. Ushbu bitim xorijiy ilmiy-ta’lim markazlari bilan yanada faolroq hamkorlik qilish imkonini beradi.

Bir necha kun avval Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tez sur’atlarda rivojlanayotgan va malakali kadrlarga ehtiyoj mavjud sohalar hamda ular uchun zarur bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari haqida ma’lumot bergandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring