O‘qituvchi o‘qituvchiligini qilsa

O‘qituvchilarning professional faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan ishlarga tizimli ravishda jalb etilishiga chek qo‘yish lozim.
O‘zbekistonda ta’lim tizimidagi voqelik so‘nggi bir yildan ziyodroq vaqt davomida keskin o‘zgarishlarga uchradi. «9+3» tizimi(to‘qqiz yillik maktab ta’limi va uch yil kollej yoki litseyda o‘qish)dan voz kechildi, 11 yillik majburiy ta’limga qaytildi, litsey va kollejlarda o‘qish ixtiyoriyga aylandi. Ayrim yo‘nalishlarda oliy ta’limning bir bo‘g‘inli tizimi joriy etildi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etildi.
Amaldagi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun yangi talablarga javob bermay qo‘ydi. Yangi qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha mualliflari ko‘plab tushunchalarga aniqlik kiritishdi, ta’lim jarayoni qatnashchilarining huquq va majburiyatlari doirasini belgilab berishga urinib ko‘rishdi, o‘quvchilar va pedagoglarni ijtimoiy himoyalash mexanizmlarini inobatga olishdi.
Biroq O‘zbekiston ta’lim tizimida hali ham qator o‘tkir muammolar bor, ular hal qilinmas ekan, tashqi shart-sharoitlarning o‘zgartirilishi sifat o‘zgarishlariga olib kelmaydi. Yangi qonun loyihasida bu muammolarni yechish mexanizmlari aks ettirilishi zarur.
Ta’limni hokimiyatlardan ajratish
Birinchi muammo — o‘qituvchilarning professional faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan ishlarga tizimli ravishda jalb etilishi.
Mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining va’dalariga qaramasdan, o‘qituvchilarni qishloq xo‘jaligi hamda obodonlashtirish ishlariga olib chiqaverishdi. Samarqandlik o‘qituvchi bilan sodir bo‘lgan mash’um hodisadan so‘ng bir-ikkita amaldorning boshida kaltak sindi. Biroq, jurnalistlar to‘g‘ri ta’kidlashganidek, ta’lim muassasalari va boshqaruv organlari rahbarlarining o‘zi ham qaysidir darajada vaziyat qurboni bo‘lib qolishayapti.
Ular — shunchaki oddiy ijrochilar: bepul o‘qituvchilar kuchidan foydalanish tashabbusi ulardan chiqmasligi ravshan. Biroq ular bolg‘a va sandon o‘rtasida qolib ketishayapti: agar hokimga quloq solmay o‘qituvchilarini ishlatgani olib chiqishmasa — hokim ularni ishdan oladi; agar ishlatgani olib chiqishsa-yu favqulodda holat ro‘y bersa — vazirlik yoki prokuratura ishdan bo‘shatadi, chunki buyruq hokimdan kelganini isbotlay olmaysan.
Muammo shunchalik jiddiyki, hatto bunga Prezident e’tibor qaratdi, hokimlarga o‘qituvchilarni obodonlashtirish ishlariga olib chiqishni man etdi. Ko‘p o‘tmay Bosh vazir raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida hokimlar o‘qituvchilarni har xil ishlarga jalb qilmaslikka astoydil va’da berishdi.
O‘qituvchilarning turfa xil ishlarga tizimli ravishda jalb etib kelinishi butun ta’lim tizimida qanday asorat qoldirganini ko‘rib turibmiz.
- Bir tomondan qog‘oz ishlari, ikkinchi tomondan «jamoat ishlari»ga ko‘mib tashlangan o‘qituvchilarda o‘z ustida ishlashga na vaqt, na xohish qolayapti. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining «Facebook»dagi sahifasida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, o‘rtacha hisoblaganda o‘qituvchilarning yarmidan sal ko‘prog‘igina attestatsiya jarayonidagi test sinovlaridan o‘ta olmoqda. Holbuki, muallifning bilishicha, attestatsiyada ularga maktab dasturidagi o‘zlari o‘tadigan fanlardan savollar berilayapti.
O‘zingiz o‘ylang: bu mamlakat bo‘ylab o‘qituvchilarning qariyb yarmi o‘z fanini maktab o‘quvchisi darajasida bilmasligini anglatadi. Va tutash zanjir yuzaga kelmoqda: qog‘oz ishlari va «jamoat ishlari»ga ko‘mib tashlangan o‘qituvchilarda kasbiy mahorat yetishmaydi, kasbiy mahoratsiz o‘qituvchilar o‘zlarining boshqa ishlarga jalb etilishiga qarshi e’tiroz bildirishga botinolmaydi.
- O‘quvchilar ko‘z o‘ngida o‘qituvchilarning obro‘si to‘kilmoqda, bu, nazarimizda, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va qoidabuzarliklar soni hamon yuqori bo‘lib turishining bevosita sabablaridan biridir. Men maktabda o‘qib yurganimda o‘qituvchilarning hurmati baland edi, biz axloq-odobni ulardan o‘rganardik. O‘z o‘quvchilari, ularning ota-onalari ko‘z o‘ngida «bir aylanib» mardikorga aylanib qolgan o‘qituvchida obro‘ qoladimi?
- O‘z fanini chuqur o‘zlashtirgan, yaxshi dars beradigan ko‘plab o‘qituvchilar davlat ta’lim sektorini tark etmoqda. Ular yo ortiqcha yozuv-chizuv va «jamoat ishlari»dan xoli va maoshi anchagina durust xususiy sektorga o‘tib ketishayapti, yoki bo‘lmasa uylarida repetitorlik bilan shug‘ullanishni afzal ko‘rishmoqda.
Yuzaga kelgan holatda ta’lim tizimi — xalq ta’limi boshqarmalari (bo‘limlari) va ta’lim muassasalarini mahalliy hokimliklardan ajratish va ularning vertikal bo‘ysunuvini faqat o‘z vazirligi doirasida qoldirish, shuningdek, mahalliy hokimliklardan moliyaviy va kadrlar bo‘yicha mustaqilligini ta’minlash muammoning yechimi bo‘lishi mumkin.
Qachonki xalq ta’limi boshqarmalari (bo‘limlari) rahbarlari hokimlar bosimi ostida bo‘lmasa, qachonki o‘qituvchilar butun vaqtini bevosita o‘z vazifalariga, professional o‘sish va dam olishga ajrata olsa, balki shundagina o‘qituvchining nufuzi oshishi va ko‘plab o‘z kasbining ustasi bo‘lgan pedagoglarning ta’lim sohasiga qaytishi, sifatli ta’lim haqida gapirish o‘rinli bo‘lar.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘yicha takliflar
- Ta’lim sohasidagi boshqaruv organlarining tegishli vazirliklarga vertikal bo‘ysunuvini mustahkamlab qo‘yish, mahalliy hokimiyatlar xalq ta’limi boshqarma(bo‘lim)lariga ta’sir o‘tkazishining istalgan mexanizm va vakolatlarini yoki ta’lim muassasalari rahbarlariga bosim o‘tkazishini cheklash maqsadida loyihaning 18, 19, 20, 25-moddalariga o‘zgartirishlar kiritish.
- 36-modda matnidan «majburiy» so‘zini olib tashlash. Ehtimol o‘shanda tekin ishchilar armiyasidan mahrum bo‘lgan hokimlar, mamlakat rahbariyati tashrifi arafasida ko‘zbo‘yamachilik qilmasdan, o‘zlariga ishonib toshirilgan hududlarni obodonlashtirish muammolarini tizimli ravishda hal qiladigan bo‘lishadi.
OTM o‘z uyida xo‘jayin emas
Ikkinchi muammo — oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimining sustligi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining mustaqil emasligi va oliy ta’lim olishning cheklanganligi.
Amaldagi mutaxassislar tayyorlash tizimi o‘ta byurokratiyalashgani hamda fanlar va dars soatlari zalvori tufayli sifatli mutaxassislar tayyorlab berolmaydi. Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori Mansur Kamolov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, OTMlarning mustaqil emasligi oliy ta’limning eng asosiy muammolaridan biridir.
OTMlar tez o‘zgaruvchan jarayonlarga tez kirishib keta olmaydi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (OO‘MTV) ruxsatisiz o‘z o‘quv rejalari va dasturlariga o‘zgartirishlar kirita olmaydi. OTM talabalari bo‘lajak kasbida aksariyati kerak bo‘lmaydigan ko‘psonli fanlar bilan bog‘lab tashlangan. Bundan tashqari, auditoriya soatlarining juda ko‘pligidan, ularda zamonaviy oliy ta’lim va kasb-hunar ta’limining asosi hisoblangan o‘z ustida mustaqil ishlash uchun vaqt qolmaydi.
Professor-o‘qituvchilar tarkibi OO‘MTVning amaldagi qo‘llanmalari talabidan kelib chiqib ko‘psonli dars soatlarini bajarish uchun semestr davomida bir nechtalab fanni o‘tishga va fan taraqqiyotiga xizmat qilmaydigan va hech kim iqtibos keltirmaydigan (iqtibos keltirish indeksi xalqaro tashkilotlar OTM reytingini belgilashida eng muhim mezonlardan biri sanaladi) soxta ilmiy maqolalarni chiqarishga majbur.
Bu yuklama vazirlikdan kuniga kelib tushadigan va darhol to‘ldirish talab qilinadigan sanoqsiz jadvallar va formalar bilan og‘irlashib boraveradi. Jahon banki hisobotida ta’kidlanishicha, mustaqillik, jumladan, OTMlarning o‘qitish jarayoni mustaqilligi ularning tez o‘zgarayotgan muhitga moslashuvchanligining zarur shartidir. Buni anglagan Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘zlari uchun zarur sharoitlarga erishishdi. Biroq sifatli mutaxassislar nafaqat huquqshunoslik yoki axborot texnologiyalari sohasiga, balki boshqa sohalarga ham kerak.
Jahon bankining o‘sha hisobotiga ko‘ra, bizning mamlakatimiz oliy ta’lim bilan o‘ta past darajada qamrab olingan: statistikaga binoan OTMlarga qabul yillik kvotasi o‘rta ta’lim bitiruvchilari umumiy soniga nisbatan o‘rtacha 10 foizni tashkil etadi.
Muammolarni yechish yo‘llari
- Kollej va OTMlarga davlat ta’lim standartlari talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashi uchun o‘quv rejalari va dasturlarini mustaqil tasdiqlash huquqini taqdim etgan holda akademik mustaqillik berish. Oliy ta’lim muassasalarining reytinglarida muntazam yetakchilikni saqlab kelayotgan AQSh, Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tajribasi ta’lim muassasalarining mustaqilligi ularga fan, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasidagi o‘zgarishlarga tezda moslashish imkoniyatini taqdim etib, sog‘lom raqobatni yuzaga keltirishi va ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir qilishini ko‘rsatadi.
Ta’lim muassasalari talabalarni juda ko‘p fanlar va dars soatlaridan ozod qilib, ularning o‘z mutaxassisligiga keraklicha diqqat qaratishi, shuningdek, mustaqil tadqiqotlarga ko‘proq vaqt ajratishiga imkon berishi shart.
- Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilar bilan mehnat munosabatlarini mustaqil tartibga solish huquqini berish orqali ularning e’tiborni ko‘proq songa emas, sifatga qaratishiga erishish, o‘qituvchilarni ortiqcha yuklamalardan ozod qilgan holda ilmiy va pedagogik tadqiqotlar bilan shug‘ullanishiga imkoniyat berish.
- Professional va oliy ta’lim qamrovini sirtqi, kechki, masofaviy va aralash (blended learning— kunduzgi va masofaviy ta’lim aralashmasi) ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish orqali oshirish.
- Kollejning o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlovchi ta’lim muassasasi sifatidagi nufuzini oshirish, jumladan, profilli kollejlarning mutaxassisligi bo‘yicha muayyan stajga ega bitiruvchilariga tezlatilgan ta’lim dasturlari bo‘yicha oliy ta’lim olish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar (misol uchun, yuridik kollejlar bitiruvchilari uchun ko‘zda tutilgan shunday dastur 2020/2021-o‘quv yilidan TDYuUda ishga tushiriladi) taqdim etish orqali.
- Abituriyentlarga hujjat topshirishda bir nechta ta’lim muassasasini tanlash huquqini berish — bunday holatda cheklangan kvotalar sharoitida o‘quv muassasalariga yaxshiroq tayyorlangan abituriyentlar qabul qilinadi. Hozirgi — abituriyent faqat bitta o‘quv muassasasiga hujjat topshirish imkoniyatiga ega holatda shunisi ham kuzatiladi: nufuzliroq o‘quv muassasasini tanlagan va yaxshi tayyorlangan abituriyent atigi bir necha ball, hatto o‘ndan bir ball ham yetmay qolishi tufayli o‘qishga kirolmaydi, aksincha, boshqa bir o‘quv muassasasida o‘tish ballarini arang to‘plagan kuchsiz abituriyent talabalikka qabul qilinadi.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘yicha takliflar
- Qonun loyihasining 20 va 28-moddalariga o‘zgartirish kiritish va o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalariga, jumladan, o‘qitish jarayonlariga ko‘proq erkinlik berishni mustahkamlab qo‘yish.
- Qonun loyihasining 11-moddasiga o‘zgartirish kiritish hamda o‘rta maxsus va oliy ta’limda nafaqat kunduzgi, balki boshqa o‘qitish turlarini ham qonuniylashtirish.
- Professional ta’lim olgan va muayyan ish stajiga ega shaxslarning tezlatilgan dasturlar orqali oliy ta’lim olish huquqini mustahkamlash (masalan, Qozog‘istonning «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni 21-moddasi 4-qismida belgilangani kabi).
- Qonun loyihasining 11-moddasiga o‘zgartirish kiritish orqali nafaqat bakalavriat va magistraturaga, balki bir bo‘g‘inli oliy ta’limga ham aniqlik kiritish.
- Qonun loyihasining 31-moddasiga o‘zgartirish kiritish orqali abituriyentga bir nechta oliy va o‘rta maxsus o‘quv muassasalariga hujjat topshirish huquqini taqdim etish.
- Qonun loyihasi 26-moddasining oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida davlat tilini majburiy o‘qitish qismiga o‘zgartirish kiritish. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bo‘lajak mutaxassislikka taalluqli bo‘lmagan fanlardan maksimal darajada tozalanishi shart.
Chet tillarini o‘qitish tajribasining ko‘rsatishicha, sifatli ta’lim sharoitida tahsil oluvchi hatto til muhiti mavjud bo‘lmaganda ham 1,5-2 yilda tildan erkin foydalanishni o‘rganadi. Demak, davlat tili sifatli o‘rgatilsa, ta’limning davriyligi (2-sinfdan 11-sinfgacha) va til muhitining mavjudligi nazarda tutilganda, maktabdagi o‘qitishning o‘zi o‘zbek tilini yaxshi o‘zlashtirish uchun kifoya qilishi kerak.
Ishlashga xalaqit beruvchi hisobot
Men Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi litseyda ishlagan 2000-yillarning boshlarida o‘qituvchilar qog‘ozlarga bunchalik ko‘mib tashlanmagandi. Biz hamkasblarimiz bilan o‘z sohamizdagi yangiliklardan doimo boxabar bo‘lishga intilardik, respublikamizdagi va xalqaro tanlovlarda qatnashardik, matbuotda chiqardik, xullas, doimiy ijodiy izlanish muhiti hukmron edi. O‘quvchilarimiz olimpiadalarda g‘olib bo‘lishgan, xalqaro akademik almashinuv dasturlarida qatnashishardi, ko‘plari litseyni bitirib mamlakatimizdagi va chet ellardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlariga kirishgan.
Keyin esa «pedagogik yuklama» tushunchasi paydo bo‘ldi. U nima? O‘qituvchining ta’lim muassasasidagi stavkasi o‘rtacha 18 — 22 auditoriya soati(mashg‘ulot)ga teng. Bu mashg‘ulotlar jurnalga yoziladi va ish haqini hisoblashda asos bo‘lib xizmat qiladi. Mehnat kodeksining 118-moddasiga ko‘ra o‘qituvchilar qisqartirilgan mehnat haftasi (36 soat) huquqiga ega xodimlar toifasiga kiradi. Ular auditoriyadan tashqaridagi vaqtlarini o‘z xohishlariga ko‘ra darslarga tayyorlanish, o‘z ustida ishlash, o‘quvchilarning nazorat ishlari va uy vazifalarini tekshirish va boshqa pedagogik faoliyat bilan bog‘liq ishlarga sarflashgan.
Ammo keyinchalik amaldorlardan kimdir o‘qituvchilar belgilangan 36 soatni ishlab bermayapti degan qarorga keldi va o‘qituvchining yillik yuklamasini 1540 soat qilib hisoblab chiqdi (haftasiga 36 soat x 42 dan ziyod ish haftasi) va o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari qancha vaqtini nimalarga sarflashi shartligini taqsimlab berdi.
Dongi chiqqan pedagogik yuklama mana shu bo‘ladi. Masalan, 80 daqiqalik bitta darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun dars vaqtining 30 foizidan 50 foizigacha, ya’ni 24-40 daqiqa yetarli deb hisoblashdi. Ammo o‘qituvchi bo‘lib ishlab ko‘rgan istagan kishi darsga risoladagiday tayyorlanish uchun ikki-uch baravar ko‘p vaqt talab etilishini biladi, chunki dars — fan va metodika bo‘yicha bilimlar sintezi. Bu mavzuni o‘qituvchi ilgari boshqa auditoriyaga o‘tgani muhim emas — har bir auditoriya o‘ziga xos bo‘lib, darsni tashkil etish va materialni yetkazishning o‘ziga xos yondashuvini talab qiladi.
Yoki 30 soat ichida ilmiy maqola yozish mumkinmi? Balki buncha vaqtda ochiq manbalardan nimalarnidir ko‘chirib-yopishtirish mumkindir, biroq aslo ilmiy yangilik yoki tahlilga da’vo qiluvchi maqola yozib bo‘lmaydi. O‘qituvchilik ham, ta’bir joiz bo‘lsa, yozuvchilik, aktyorlik yoki musiqachilikka o‘xshash ijodiy kasb. Tasavvur qiling, aktyorning ssenariyni o‘qish, rolni o‘rganish, grim va hokazo ishlarga qancha vaqt sarflashi kerakligi belgilab qo‘yilsa nima bo‘ladi? Yana har bir xatti-harakati uchun qog‘oz so‘ralsa-chi? Bu bilan aktyor o‘z rolini yaxshiroq o‘ynashni boshlaydimi? Qaydam. Aynan shuning uchun o‘qituvchilarning vaqtini qat’iy hisoblashning joriy etilishi ta’lim sifati tushishining boshlanishi bo‘ldi.
Yozuvchi, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedrasi mudiri Ulug‘bek Hamdam to‘g‘ri ta’rif berganidek, qog‘ozbozlik — zamonamiz vabosi! U ta’limda simulyakr hodisasini paydo qilib bo‘ldi: qog‘ozda ish ketaveradi, lekin amalda qog‘ozdagining yarmi ham bo‘lmaydi. Gohida esa umuman hech vaqo bo‘lmaydi.
Agar bizga faqat komissiyalar uchun to‘ldiriladigan qog‘ozdagi sifat emas, balki ta’lim va fandagi sifat kerak ekan, o‘qituvchilarning vaqtini bunaqangi «aniq»lashdan va har qadamini «qog‘oz» bilan o‘lchash talabidan voz kechishimiz va buni taklif etilayotgann qonun loyihasining 36-38-moddalariga o‘zgartirish kiritib mustahkamlab qo‘yishimiz shart.
Ta’limdagi qonuniy xususiy sektor sari
Qonun loyihasidagi yana bir bo‘shliq «nodavlat ta’lim muassasalari» va «ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar» o‘rtasidagi farq aniq-ravshan belgilab qo‘yilmagani, xalq tilida «o‘quv markazlari» («o‘quv kurslari») deb ataluvchi muassasalar statuslarining tushunarsizligi, shuningdek, yakka tartibda ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchilar — repetitorlar tushunchasining yo‘qligidir.
Ayni paytda maktab dasturiga kiritilgan til va fanlarni o‘rganish, muayyan kasblarni egallash (masalan, bichish va tikish, buxgalteriya, sartaroshlik va hokazolar) bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi barcha «o‘quv markazlari» — yuridik shaxslar NTM (nodavlat ta’lim muassasasi) statusiga ega. Aslida esa bunday yuridik shaxslar tijoriy tashkilot sanaladi va bozor talabi asosida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatib o‘z oldiga foyda olishni maqsad qilib qo‘yadi; bunday tashkilotlarning ta’sischilari foyda olish uchun ayrim hiylalarga ham qo‘l uradi. NTM statusiga ega Toshkentdagi Turin politexnika universiteti yoki Toshkentdagi Singapurning menejmentni rivojlantirish institutidan farqli o‘laroq, bunday yuridik shaxslar («o‘quv markazlari») davlat tan oladigan va muayyan huquqlar beradigan hujjatlar taqdim etilishiga da’vogar bo‘lolmaydi. Yakka tartibda ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi shaxslar — repetitorlar faoliyati qonun loyihasida umuman tartibga solinmagan.
Qonun loyihasi bo‘yicha takliflar
- «Nodavlat ta’lim muassasalari» sifatida davlat tomonidan tan olinadigan va ta’limning keyingi bosqichida tahsil olishni davom ettirish yoki muayyan kasbiy faoliyat bilan shug‘ulanish huquqini beradigan hujjat (attestat, diplom, sertifikat) beruvchi muassasalarni tushunish kerak. Bu muassasalarga ular beradigan hujjat davlat tomonidan tan olingani uchun attestatsiya va akkreditatsiya qoidalari tatbiq etilishi lozim. Biroq shuni tushunish kerakki, ularni attestatsiyalash va akkreditatsiyalash tartibi davlat ta’lim muassasalarini attestatsiyalash va akkreditatsiyalash tartibidan tafovut qilishi mumkin, masalan, xalqaro OTMlarning Toshkentdagi filiallarida bo‘lgani kabi. Buning uchun qonun loyihasining 3, 21, 23, 51 va 52-moddalariga o‘zgartirish kiritish zarur.
- «Ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar» sifatida qisqa kurslar ko‘rinishida ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi va davlat tomonidan tan olinadigan hujjatga egalik qilishga da’vogarlik qilmaydigan yuridik shaxslarni tushunish kerak. Bu muassasalar taqdim etadigan hujjatlar davlat tomonidan tan olinmasligi va muayyan huquqlar bermasligi sababli (OTMga kirish imtihonlariga tayyorlovchi kurslarni taklif etuvchi aksariyat o‘quv markazlari o‘qishni tugatganlik to‘g‘risida hech qanday hujjat bermaydi) ularga attestatsiya va akkreditatsiya talablarini tatbiq etish o‘rinsiz. Ularning xizmatlarini eng yaxshi nazorat qiluvchi bozor — raqobat sharoitida hech kim sifatsiz xizmatlarga pul sarflamaydi. Buning uchun qonun loyihasining 3, 21, 23, 51 va 52-moddalariga o‘zgartirish kiritish kerak.
- Qonun loyihasi 21 va 31-moddalarining nodavlat ta’lim muassasalari va ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga qabul qismlariga, shuningdek, ularning xizmatlari narxini o‘rnatish qismiga o‘zgartirishlar kiritish zarur. Qabul qoidalari va muddatlari, shuningdek, o‘qish uchun to‘lov shartlarini nodavlat ta’lim muassasalari va ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar mustaqil hal qilishi lozim. Amaliyotda ko‘rib turibmizki, ayrim NTM statusiga ega chet el OTMlari filiallarining o‘zlari bosh OTM bilan kelishgan holda o‘qishga qabul qilinayotganlar (talabalar) uchun muddat va talablarni o‘rnatishmoqda, o‘quv markazlari esa guruhlarning to‘lganligi va xizmatlarining rentabellik darajasiga qarab o‘quvchilarni qabul qilmoqda. Bunday muassasalar xizmatlari narxini o‘z xarajatlaridan kelib chiqib mustaqil belgilaydi.
- «Ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor» tushunchasini kiritish kerak. Bu tushuncha «Ta’lim to‘g‘risida»gi Rossiya (32-modda), Belarus (246-modda) va Qozog‘iston (37-modda) qonunlarida mavjud va bunday faoliyat litsenziyalanmaydi. Bu repetitorlarning statusini qonuniylashtirib, ularga o‘z faoliyatini qonun doirasida tashkil etish imkonini bergan bo‘lar edi.
Komil Jalilov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter