O‘qituvchilar maktablarni tashlab ketyapti — UNESCO
O‘qituvchilar yetishmasligi ko‘p mamlakatlarda ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy muammoga aylanmoqda. UNESCO hamda «O‘qituvchilar va ta’lim 2030» xalqaro maqsadli guruhi o‘tkazgan tadqiqotda shunday xulosaga kelindi.
«O‘qituvchilar to‘g‘risidagi xalqaro ma’ruza»da ta’kidlanishicha, agar ta’lim tizimida jiddiy o‘zgarishlar qilinmas ekan, 2030 yilga borib hozir ishlayotgan o‘qituvchilar soni teng yarmiga qisqarib ketishi mumkin. Shu va boshqa sabablar dunyodagi boshlang‘ich va o‘rta maktablarda 44 million nafar o‘qituvchi yetishmasligiga olib keladi.
Ayniqsa, Afrikaning Sahroi Kabirdan janubiy qismida pedagoglar taqchilligi yaqqol ko‘zga tashlanadi: 2030-yilda bu mintaqaga 15 mln nafar o‘qituvchi yetishmaydi. Hatto taraqqiy etgan Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlarida ham pedagoglar yetishmasligi kun tartibiga chiqadi. Bu mamlakatlarda malakali mutaxassislarni maktablarda ushlab qolish tobora qiyinlashib boryapti.
So‘nggi yillarda boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari o‘rtasida kasbini o‘zgartirish ko‘p kuzatilmoqda, deyiladi tadqiqotda. 2022-yilda boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilarining 9,06 foizi ishdan bo‘shagan, holbuki, 2015-yilda bu toifada ishdan bo‘shovchilar ko‘rsatkichi 4,62 foiz edi. Faoliyatining ilk besh yilligida o‘qituvchilikni tashlab ketayotganlar eng ko‘pligi, ayniqsa, xavotirli holat.
UNESCO o‘qituvchilar yetishmasligi butun dunyoda ta’lim tizimiga jiddiy zarba bo‘lishidan xavotirda. Muammo global ko‘lamga chiqmoqda: oqibatda sinflardagi o‘quvchilar soni ko‘payadi, o‘qituvchilarga yuklamalar og‘irlashadi, ta’limda tengsizlik kuchayadi, ta’lim tizimini moliyalashtirish muammosi kattalashdi.
Tashkilot og‘ir oqibatlarning oldini olish uchun hozirdan tegishli choralar ko‘rishni taklif qilmoqda. Xususan, o‘qituvchilarning maoshlarini oshirish, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ta’limga sarmoyalarni ko‘paytirish kerak. Qolaversa, pedagoglar jamiyatining qarorlar qabul qilishga daxldorligini oshirish ham o‘qituvchilarda motivatsiyani oshirishi mumkin, deyilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter