Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchilarni mehnatga majburlov uchun javobgarlik belgilanmoqda – huquqshunos

O‘qituvchilarni mehnatga majburlov uchun javobgarlik belgilanmoqda – huquqshunos

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pedagoglarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik holatlari uchun javobgarlik kiritilmoqda. Bu haqda huquqshunos Behzodbek G‘aniyev ma’lum qildi.

Avvalroq Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgani va tez orada qabul qilinishi haqida gapirgan edi.

«Aytishlaricha, ushbu qonun loyihasiga ko‘ra MJtKning 51-moddasi 2-qismida va JKning 148-2(prim 2)-moddasi 2-qismida mehnatga ma’muriy tarzda majburlashni ta’lim muassasasining pedagog xodimiga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda ekan. Bunda BHMning 15 barobaridan 20 barobarigacha jarima (4,5 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha) yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazolari nazarda tutilmoqda», – deb yozadi huquqshunos B.G‘aniyev.

Aniqlik kiritilishicha, mazkur qilmish ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilsa, jinoyatga aylanishi va BHMning 150 barobaridan 200 barobarigacha jarima (45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha) yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari jazolari tayinlanishi mumkin.

«Haqiqatan ham, bugungi kunda pedagog xodimlar Davlat test markazi tashkil etadigan test sinovlarida nazoratchi sifatida qatnashish;  mahalliy davlat hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tadbirlarini tashkil etish;  muayyan komissiya va ishchi guruhlarga jalb etgan holda o‘rganishlarda ishtirok etish; tuman-shaharlarda o‘tkaziladigan bayram tadbirlari, turli ko‘rgazmalarini tashkil etish; gazetalar uchun obuna bo‘lish majburiyatini bajarish; bitiruvchilarning ishga joylashganligi bilan bog‘liq yoki boshqacha hisobot va jadvallarni taqdim etish kabi o‘z xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etilmoqdalar», – deydi ekspert.

Ta’kidlanishicha, ta’lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga aralashganlik uchun ma’muriy javobgarlikni BHMning 20 barobarigacha jarima (6 mln so‘m) yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazolarini belgilash orqali kuchaytirish ham nazarda tutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring