Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda Germaniya universiteti tashkil etiladi

O‘zbekistonda Germaniya universiteti tashkil etiladi

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Germaniyaga amaliy safari doirasida Kyoten shahridagi Anxalt amaliy fanlar universitetida bo‘ldi.

Universitet prezidenti, professor Yorg Bagdan bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvning markaziy mavzusi O‘zbekistonda Germaniya universitetini tashkil etish masalasi bo‘ldi. Sarvarxon Buzrukxonov mazkur tashabbusni amalga oshirishda Anxalt amaliy fanlar universiteti tajribasi va salohiyati muhim o‘rin tutishi mumkinligini qayd etdi.

Tomonlar universitetlararo munosabatlarni kengaytirish, ta’lim va ilmiy tadqiqot sohalarida innovatsion yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Safar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Anxalt amaliy fanlar universitetida yaratilgan sharoitlar, jumladan, talabalar uchun qulay yotoqxonalar, zamonaviy o‘quv laboratoriyalari va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan o‘quv bazasi bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda Germaniya universitetini tashkil etishning dastlabki bosqichida bir necha muhim ta’lim yo‘nalishlari: elektrotexnika va kompyuter muhandisligi, yirik ma’lumotlar fani va sun’iy intellekt, shuningdek, xalqaro biznes bo‘yicha dasturlarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Bu tashabbus O‘zbekistonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, Yevropa standartlari asosida bilim berish va Germaniyaning ilg‘or akademik an’analarini joriy etish borasida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring