Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda Gyote tilini o‘rganayotganlar soni ortmoqda

O‘zbekistonda Gyote tilini o‘rganayotganlar soni ortmoqda

4000 dan ziyod o‘zbekistonlik aspirant va doktorant Germaniyada tahsil olmoqda.

Foto: Picture alliance

O‘zbekistonda Germaniyada ta’lim olish va olmon tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi prezident Shavkat Mirziyoyevning 2-3 may  kunlari o‘tishi kutilayotgan Germaniya safari arafasida chop etgan maqolada so‘z boradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 300 mingdan ortiq maktab o‘quvchilari, 19 ming nafar talaba Gyote, Shiller va Kant tilini o‘rganmoqda. 24 ta maktabda olmon tili chuqurlashtirilgan  tarzda o‘rgatilyapti. Ulardan 6 tasi, ya’ni Toshkent, Samarqand, Marg‘ilon, Farg‘ona, Andijon va Buxoro shaharlaridagi maktablar olmon tili diplomini (DSD) berish huquqiga ega. Hozirda ushbu xorijiy tilni bog‘cha, maktab va universitet bosqichlarida, uzluksiz ravishda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, 4000 dan ortiq o‘zbekistonlik aspirant va doktorantlar Germaniyaning turli universitetlarida tahsil olmoqda.

Germaniya TIV A.Berbok Toshkentdagi olmon tilini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan 60-maktabda. Foto: O‘zbekiston TIV

2021 yil Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda Yangi O‘zbekiston universiteti tashkil etildi va Myunxen texnika universitetining faxriy rektori, professor Volfgang Herrmann  ushbu  oliy ta’lim muassasasiga rektor etib tayinlandi.

So‘nggi 5 yilda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 24 foizga oshdi. Xususan, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 51 foizga, O‘zbekiston mahsulotlarining Germaniyaga eksporti esa 21 foizga ko‘paydi.

Yurtimizda olmon sarmoyasi ishtirokida 219 ta kompaniya, jumladan, 97 ta yakka tartibdagi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston bozorida Germaniyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari – «Deutsche Kabel», «Knauf», «Claas», «Papenburg» va «Falk Porsche» muhim  o‘ringa ega. «Siemens», «BASF», «Thissen Group», «Roland Berger», «Adidas Group» kabi o‘z sohasida yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. «Deutsche Bank», «Commerzbank», «Landesbank» bilan moliyaviy sohadagi aloqalar rivojlanmoqda.

Kengayib borayotgan iqtisodiy-moliyaviy robitalar ham olmon tilini mukammal egallagan mutaxassislarga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Germaniyaning Toshkentdagi elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner O‘zbekiston olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinda ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan edi.

2017-2021 yillarda O‘zbekistonda Germaniyani tamsil etgan elchi Gyunter Overfeld ham mamlakatimizda til o‘rganishga qiziqish oshib borayotganini qayd etar ekan, hatto tog‘da cho‘ponlar ham olmon tilida muloqot qilganini hayrat ila bayon qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yil oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Toshkentdagi olmon tili chuqur o‘rgatiladigan 60-maktabda ham bo‘lgan. Ushbu  maktabga  2019 yilda  buyuk mutafakkir Iogan Volfgang fon Gyote nomi berilgan. Ikki davlat tashqi ishlari vazirlari uchrashuvida boshqa muhim masalalar qatorida olmon tilini yanada ommalashtirish va o‘qitish darajasini oshirish bo‘yicha keng qamrovli loyiha ham muhokama qilingan.

O‘zbekistonda Gyote instituti, Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasining Xalqaro hamkorlik instituti, Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasining vakolatxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Toshkentda olmon tili o‘qituvchilari anjumani muntazam o‘tkazilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring