O‘zbekistonda ilk bor Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi
Shu yilning 19–23-iyun kunlari Samarqand shahrida ilk marotaba umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika va astronomiya fanlaridan Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Aytish kerakki, ushbu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil mart oyida Samarqand shahriga qilgan tashrifi davomida mahalliy aholi faollari bilan uchrashuvda ilgari surilgan edi.
Aytilishicha, Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, iqtidorli o‘quvchilar uchun xorijiy mamlakatlardagi tengdoshlari bilan do‘stona raqobat muhitini yaratishdan iborat.
Shu paytga qadar O‘zbekiston o‘zining nufuzli xalqaro olimpiadasiga ega bo‘lmagan. Samarqandda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro olimpiada tarixning yangi sahifasi bo‘lib, mamlakatimizning dunyo hamjamiyatida nufuzi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiadada dunyoning qator davlatidan iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Unda har bir ishtirokchi davlatdan 6 nafar o‘quvchi (3 nafari fizika, 3 nafari astronomiya fanidan) hamda ikki nafar jamoa rahbaridan iborat guruh ishtirok etishi belgilangan.
Xalqaro olimpiada ikki bosqichda: nazariy va eksperimental bosqichda o‘tkazilib, olimpiada materiallari o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanadi.
Hakamlar hay’ati fizika va astronomiya fanlaridan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, MDH davlatlarining professor-o‘qituvchilari va yurtimizning tajribali olimlari, mahoratli amaliyotchi o‘qituvchilaridan iborat.
Ushbu xalqaro olimpiadada g‘olibliklikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritadi. Mazkur xalqaro olimpiada keyinchalik ikki yilda bir marotaba umumta’lim muassasalarining 10–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter