O‘quvchilar o‘rtasida ilk bor «Yosh delegat» konferensiyasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun BMT Bosh Assambleyasining simulyasion «Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish» mavzusida «Yosh delegat» konferensiyasi tashkil etilmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Konferensiya Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 10-12-may kunlari yurtimiz umumta’lim maktablarida tahsil oluvchi yuqori (8-11) sinf o‘quvchilar uchun «GLOZ82 Huquqiy madaniyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Doha Deklaratsiyasining amalga oshirilishi bo‘yicha Global dastur» homiyligida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi (UNODC ROCA), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Konferensiyaning bosh maqsadi - Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy uchrashuvlari andozasida anjuman o‘tkazish. Konferensiya o‘quvchilarni diplomatik sohadagi yechimlar, qiyinchiliklar va eng yaxshi tajribalarni o‘rganishlari maqsadida birlashtiradi. Konferensiya mamlakatimizning barcha o‘quvchi-yoshlariga BMT faoliyati va uni ish yuritish tizimini tanishtirib, jamoat oldida nutq so‘zlash, muammolarni yechish, diplomatik muzokara olib borishni o‘rgatadi. Qolaversa, xalqaro bilim va tajribalarni berish orqali ularni davlatimiz rivojiga hissa qo‘shish, kelgusida xalqaro hamjamiyat oldida yurtimiz darajasini yanada oshiradigan kadr hamda ijtimoiy mas’uliyatli fuqarolar bo‘lib yetishish yo‘lida birlashtiradi.
Konferensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining haqiqiy konferensiyalarini simulyasiya qiladi va unda ishtirokchilar o‘zlari diplomatlar kabi BMTning rasmiy tillarida faoliyat olib boradi. Konferensiyada asosan BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi mavzular, jumladan, «Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish» mavzusi muhokama qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter