O‘zbekistonda ilk marotaba Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi
O‘zbekistonda ilk marotaba Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi Shu yilning 28-30-oktyabr kunlari Urganch shahrida ilk marotaba talabalar o‘rtasida matematika bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Aytish kerakki, ushbu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning sentyabrida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida ilgari surilgan edi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yilning 26-avgustdagi qarori bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida har ikki yilda bir marta matematika bo‘yicha Muhammad Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etish belgilandi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, qolaversa, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni fundamental va aniq fanlar bilan shug‘ullanishga keng jalb etish hamda ilm-fan yo‘lida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
O‘zbekistonlik talabalar shu kunga qadar xalqaro matematika olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishgan, biroq mamlakatimiz talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan o‘zining nufuzli xalqaro olimpiadasiga ega bo‘lmagan. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada tarixning yangi sahifasi bo‘lib, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatida nufuzi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Nufuzli xalqaro olimpiadada dunyoning 20 davlatidan 58 universitet jamoalari ishtirok etadi. Olimpiadada 334 nafar talaba o‘zaro bellashadi, ularga 100 nafar jamoa rahbarlari hamrohlik qiladi.
Hakamlar hay’ati matematika fanidan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, MDH davlatlarining professor-o‘qituvchilari va yurtimizning tajribali professor-olimlari, mahoratli amaliyotchi o‘qituvchilaridan tashkil topadi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadada g‘olibliklikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik talabalarga matematika, fizika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha magistraturaga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter