Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ilk marotaba o‘quvchilar o‘rtasida media festival o‘tkaziladi

O‘zbekistonda ilk marotaba o‘quvchilar o‘rtasida media festival o‘tkaziladi

Foto:Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

«Mening ijod mahsulim» an’anaviy o‘quvchi-yoshlar media festivali Respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarining 8-11 sinflarida ta’lim olayotgan (14-18 yoshdagi) ijodkor o‘quvchi-yoshlarning ijodiy faoliyatini ommalashtirish, kasbiy mahoratini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Festival olti yo‘nalishda tashkil etiladi:

I «Eng yaxshi ijtimoiy rolik» – o‘quvchi muallifligida «Mening maktabim!», «Mening o‘qituvchim – mening qahramonim!», «O‘quvchining bir kuni» kabi mavzularning biriga yozilgan ssenariy asosida tasvirga olingan 3 daqiqalik videoroliklar;

II yo‘nalish: «Eng yaxshi media ishlanma» – o‘quvchi muallifligida maktab hayoti, kitobxonlik, ta’lim olish tizimini, ta’lim muassasasi yoshlar tashkiloti faoliyati haqida ma’lumotlar almashinuvi tizimini joriy qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan veb sahifa, sayt, mobil ilova yoki elektron dastur;

III yo‘nalish: «Eng yaxshi targ‘ibot katalogi» – o‘quvchi muallifligida «Sog‘lom turmush tarzi», «O‘quvchining huquq va majburiyatlari», «Ekologik madaniyat», «Sen yoshlar ittifoqini bilasanmi?», «Ta’lim va mutaxassislik» kabi mavzularning biriga tayyorlangan targ‘ibot katalogi (targ‘ibot katalogi A2 formatida kompyuter grafikasi asosida tayyorlangan bo‘lishi va eng kamida 4 ta sahifadan iborat bo‘lishi lozim);

IV yo‘nalish: «Eng yaxshi maktab ro‘znomasi» – o‘quvchi-yoshlar va maktab boshlang‘ich tashkiloti sardorlari tomonidan tayyorlangan maktab hayoti, o‘quvchilarning o‘y-fikrlari, ularning bilimini yanada mustahkamlash uchun xizmat qiluvchi materiallar jamlangan maktab ro‘znomasi (gazetasi);

V yo‘nalish: «Eng yaxshi maktab radio eshittirishi» – o‘quvchi-yoshlar va maktab boshlang‘ich tashkiloti sardorlari tomonidan tayyorlangan radioeshittirish ssenariysi va olib borilgan radioeshittirishning yozib olingan audio matni;

VI yo‘nalish: «Mening orzuyimdagi zamonaviy maktab» loyihasi. o‘quvchi-yoshlar va maktab boshlang‘ich tashkiloti tomonidan tayyorlangan zamonaviy maktab.

Arizalar va ijodiy ishlar 20 dekabrga qadar qabul qilinadi.

Festivalning respublika bosqichi 5-6 yanvar kunlari «A’lo ta’til loyihasi: Qishki oromgohi» doirasida o‘tkaziladi.

Festivalda ishtirok etgan ishlardan har bir yo‘nalish bo‘yicha 1 tadan ijodiy ish nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanadi.Festivalda g‘olib bo‘lgan 6 nafar ishtirokchilar laureatlik sertifikati, statuetka va planshet bilan, nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan yana 6 nafar ishtirokchilar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Foto:Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring