O‘zMUda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi
O‘zbekiston Milliy universitetida buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi munosabati bilan «Mirzo Ulug‘bek – buyuk mutafakkir olim va davlat arbobi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Dastlab «Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon» filmi anjuman ishtirokchilarining e’tiboriga havola etildi.
Xalqaro anjumanni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, Yangi O‘zbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham tub islohotlar olib borilayotganiga to‘xtalib o‘tdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev o‘z nutqida buyuk allomalarimiz qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, Mirzo Ulug‘bekning davlat arbobi va qomusiy olim sifatidagi faoliyati haqida to‘xtaldi.
Konferensiyada 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlar, ya’ni Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Ispaniya, Germaniya, Turkiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, shuningdek, respublikaning oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari, muzeylar, arxivlar hamda boshqa muassasalarning ilmiy xodimlari, yosh olimlar, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Temuriylar Renessansi davrida Markaziy Osiyo fani va madaniyati jahon sivilizatsiyasi va madaniyati tarixida alohida o‘rin tutadi. Jahon ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan va davlatchilik tarixida muhim rol o‘ynagan ushbu davr olimlarining faoliyatini o‘rganish dolzarb ahamiyatga ega.
Mirzo Ulug‘bek o‘z davridan ancha oldinda bo‘lgan va o‘z avlodlariga astronomiya, matematika, geografiya, tarix, tibbiyot, adabiyot, davlat boshqaruvi asoslariga oid asarlar qoldirgan ensiklopedik olim hisoblanadi.
Temuriylar davri markazlashgan davlatchilik, undagi qonunchilik va boshqaruv, ilm-fan rivojida Samarqand akademiyasi hamda Ulug‘bek observatoriyasining o‘rni, Ulug‘bek ilmiy maktabi, Ulug‘bek madarasasi faoliyati, uning ta’lim tizimi, Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida mamlakatning ichki va tashqi siyosati masalalarini o‘rganish bugungi zamonaviy ilm-fan rivojida muhim ahamiyatiga ega.
Shu munosabat bilan konferensiyaga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha 200 ta ma’ruza qabul qilindi:
1-sho‘’ba: Temuriylar Renessansi va uning jahon madaniyati hamda ilm-fani rivojidagi o‘rni.
2-sho‘’ba: Mirzo Ulug‘bek buyuk mutafakkir alloma va davlat arbobi.
3-sho‘’ba: Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabi va zamonaviy ilm-fan taraqqiyoti.
4-sho‘’ba: Tarixiy – madaniy merosni o‘rganishda axborot texnologiyalari.
5- sho‘’ba: Ijtimoiy-gumanitar fanlarning dolzarb masalalari.
Konferensiya davomida mavzuga doir ma’ruzalar tinglanadi va muhokama qilindi. Konferensiya yalpi majlisdan so‘ng sho‘’balarga bo‘lingan holda davom etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter