Pedagoglarni tayyorlashda sirtqi ta’limga qabul amalga oshirilmaydi

2025/2026-o‘quv yilidan pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmasligi Prezident farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha:
- pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;
- oliy pedagogik ta’lim yo‘nalishida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
2025/2026-o‘quv yilidan xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda universitet (Nizomiy — tahr.)ning xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan ta’lim yo‘nalishlarida dars berish uchun professor-o‘qituvchilarni tanlab olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida «Gospital pedagogika» magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-sentyabrdan respublikadagi mavjud pedagogika texnikumlarining o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi farmon asosida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter