Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Respublika «Ingliz tili fan olimpiadasi» g‘oliblari taqdirlanishdi

Respublika «Ingliz tili fan olimpiadasi» g‘oliblari taqdirlanishdi

Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarning ingliz tili savodxonlik darajasini oshirish maqsadida OLIYGOH.UZ ta’lim platformasi va «REGISTON» o‘quv markazi tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi, Respublika Yosh olimlar Kengashi hamkorligida Respublika miqyosida 3 bosqichli «Ingliz tili fan olimpiadasi» tashkil etildi.

O‘zbekistonning turli viloyatlaridan ilmga chanqoq minglab yoshlar ushbu olimpiadada ishtirok etishdi.

Olimpiada qatnashish uchun respublikamizning turli burchaklaridan jami 17 ming 800 nafar umumta’lim maktab, akademik litsey, professional ta’lim muassasasi o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishdi va g‘oliblik uchun kurashishdi.

Olimpiadaning birinchi va ikkinchi bosqichlari OLIYGOH.UZ ta’lim platformasida tashkil etildi.

Olimpiadaning hal qiluvchi 3-bosqichi (final bosqichi)ga eng yaxshi natija ko‘rsatgan 169 nafar ishtirokchi yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi va g‘oliblik uchun kurashishdi.

Olimpiadaning final bosqichi 25 iyul kuni «Registan Academy» va «Registan Chilanzar» filiallarining maxsus imtihonlar bo‘lib o‘tadigan auditoriyasida o‘tkazildi.

Ishtirokchilar final bosqichida ingliz tili bilish darajasining speaking, writing, reading va listening ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishdi.

Ishtirok etgan nomzodlar orasidan eng kuchlilar saralandi, olimpiada natijalari ishtirokchilarga SMS xabarnoma tarzida yetkazildi va 27 iyul sanasida eng munosib mutlaq g‘oliblar «REGISTON» o‘quv markazining maxsus tadbirlar bo‘lib o‘tadigan zalida tantanali ravishda taqdirlanishdi.

Olimpiadaning mutlaq g‘olibi deb O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasining Islomshunoslik yo‘nalishi talabasi, Andijon shahrida yashovchi Ozodbek Botiraliyev topildi.

Olimpiada g‘olibiga «REGISTON» o‘quv markazining maxsus sovg‘asi – noutbuk kompyuter, 1-darajali QR-kodli diplom, esdalik kitoblar va boshqa sovg‘alar topshirildi.

2-o‘ringa Jahon tillari universiteti talabasi, Qo‘qon shahrida yashovchi Vohidjon Juraquziyev munosib deb topildi va unga Samsung A21 mobil telefoni, 2-darajali QR-kodli diplom, esdalik kitoblar va boshqa sovg‘alar topshirildi.

3-o‘ringa Vestminster universiteti talabasi, Toshkent shahrida yashovchi Muhammadjonova Latofat munosib topildi va g‘olibga Xiaomi 9A mobil telefoni, 2-darajali QR-kodli diplom, esdalik kitoblar va boshqa sovg‘alar topshirildi

Olimpiadada ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring