Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Suv va iqlim o‘zgarishi» shiori ostida o‘tgan tanlov g‘oliblari aniqlandi

«Suv va iqlim o‘zgarishi» shiori ostida o‘tgan tanlov g‘oliblari aniqlandi

Foto: Institut matbuot xizmati

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida har yili Butunjahon suv kuni munosabati bilan ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilgan. Bu yilgi tadbir pandemiya sharoitiga to‘g‘ri kelgani bois, vaziyatdan kelib chiqqan holda, onlayn tarzda musobaqalar, tanlovlar o‘tkazib turildi. Bu haqda institut matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, 1992-yilda Rio De Janeyroda o‘tkazilgan BMTning «Atrof muhit va rivojlanish» konferensiyasida butun jahonda suv resurslari kunini nishonlash taklifi bildirilgan. BMT Bosh assambleyasi 1993-yili 22-fevralida (47/193 sonli) rezolyusiyani imzolaydi va 22 mart kunini «Butunjahon suv kuni» deb e’lon qiladi. 

Har yili «Butunjahon suv kuni» ma’lum bir shior ostida nishonlanadi. Ushbu kun 2017-yilda «Oqova suvlar», 2018-yilda «Tabiat suv uchun» (Nature for Water), 2019-yilda «Suv muammosi – jamiyat muammosidir: uning yechimi hech kimning nazaridan chetta qolmasligi kerak» shiori ostida nishonlangan bo‘lsa, 2020 yilda «Suv va iqlim o‘zgarishi» shiori ostida nishonlanishi belgilandi.

TIQXMMI va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida 2020-yilda respublika OTM talabalari uchun tashkil etilgan tanlov o‘z yakuniga yetdi. 

Shu munosabat bilan, 25-avgust kuni tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi.

TIQXMMI rektori, respublika oliy ta’lim kengashi raisi, professor O‘ktam Umurzoqov ishtirokchilarga va mehmonlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirib, bugungi kunga kelib suv resurslarini ratsional boshqarish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash – dunyoda butun boshli mintaqalar va mamlakatlarning barqaror iqtisodiy taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyati kasb etuvchi masalaridan biriga aylanganini, suv resurslariga bo‘lgan talab ortayotgani bilan birga, suvning taqchilligi ham yildan yilga oshib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

So‘ngra tadbir davomida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbar o‘rinbosari Yussi Narvi hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskalarning ma’ruzasi tinglandi.

— Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining «O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan «Texnik salohiyatni mustahkamlash» loyihasi tashabbusi bilan hamda respublikamizning 2020-yilgi davlat dasturidan kelib chiqib 13-18-mart kunlari mazkur tadbirlarda yoshlarning suvdan oqilona va samarali foydalanishdagi tutgan o‘rni, suv resurslarini boshqarish va mamlakatimizni barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tanlov va munozaralar o‘tkazilishiga joriy yilning fevral oyidan start berilib, harakatlar boshlab yuborilgandi, — deydi intitut prorektori Tohir Sultonov.

13-mart kuni:

  • «Suv – bu hayot» mavzusida posterlar tanlovi;
  • «O‘zbekistondagi suv resurslarini boshqarishda iqlim o‘zgarishini ta’siri» mavzusida bahs-munozara.

16-mart kuni:

  • «Iqlim o‘zgarishi sharotida suv resurslaridan foydalanishning innovatsion uslublari» mavzusidagi intellektual o‘yinlar o‘tkazildi.

Tashkiliy qo‘mita Covid-19 infeksiyasining respublikamizda ham qayd etilishi, Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni vaqtinchalik to‘xtatilib, onlayn shaklga o‘tishi, shuningdek, jamoat joylarida odamlarni to‘planishining oldini olish maqsadida «Suv kuni»ning qolgan tadbirlarini ma’lum muddatlarga qoldirishga to‘g‘ri keldi.

Lekin, qoldirilgan tadbirlar ham tashkilotchilar bilan kelishilgan holda iyun-iyul oylarida tanlovga qo‘yilgan talablarga bir oz o‘zgartirishlar kiritgan holda onlayn tarzda o‘tkazilishiga erishildi.

Bu yilgi tadbirda TIQXMMIdan tashqari Navoiy davlat konchilik instituti, Jizzax politexnika instituti, Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti, Namangan muhandislik iqtisodiyoti instituti, Toshkentdagi Turin politexnika instituti, Qozon Federal universiteti, TIQXMMIning Qarshi va Buxoro filiallari  talabalari hamda Toshkent shahrining 23-maktabning 25dan ortiq o‘quvchilari faol ishtirok etishdi.

Tadbir nihoyasida tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib talabalar va jamoalar taqdirlanishdi. Ularga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar ulashildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring