Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taraqqiyot nimaga bog‘liq?

Taraqqiyot nimaga bog‘liq?

Foto: madalinmancila.ro

Dunyoda ko‘plab mamlakatlar o‘z xalqining bilimdonligi tufayli tamaddunga erishgan. Shunday ekan, mamlakatimizning kelajagi ko‘p jihatdan oliy ta’lim dargohlarini tugatib chiqqan kadrlarga bog‘liq.

Oliy ma’lumotli bo‘lishning qanday foydasi bor?

Bundan chorak asr ilgari, yoinki 10-15 yil avval ham oliy o‘quv yurtiga kirishga bo‘lgan e’tibor u darajada yuqori emas edi. Bugun oliy ma’lumotli bo‘lish aksariyat yoshlarning asosiy maqsadi bo‘lib bormoqda. Bir tarafdan shunday savol tug‘iladi: "Oliy ma’lumotli bo‘lish bizga qanchalik kerak? Axir oliy ma’lumotli bo‘lmasdan ham yaxshi yashash mumkin-ku".

Ha, oliy ma’lumotli bo‘lish bu muvaffaqiyatning bosh omili emas, shunga qaramasdan oliy ta’limga ega bo‘lish hayotimizning birlamchi bo‘g‘iniga aylanib ulgurdi. Bugun birorta tayinli ishda ishlashingiz, maosh olishingiz, mansabingizning oshishi aynan olgan bilim darajangizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Tarixiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, dunyo bo‘ylab sodir etilayotgan jinoyatlarning ko‘pchiligi oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan amalga oshirilgan. Oliy ma’lumot faqat oliy o‘quv yurtlarida olinishini hisobga oladigan bo‘lsak, bugungi kundagi kvotalarga asoslangan tizim jamiyat rivojiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Xususan, 2019-2020 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan test sinovlarida 1 mln.dan ortiq abituriyent o‘z bilimini sinab ko‘rdi. Ularning atigi 100 mingdan ko‘prog‘i talaba bo‘lish baxtiga erishdi. Bu 10 foizdan ozgina ortiqrog‘i talaba bo‘lganini ko‘rsatadi. Qolgan 900 000 abituriyentning kelajagi nima bo‘ladi? O‘qishga kirolmagan yoshlarning keyingi hayot yo‘li qanday kechadi? Biz yoshlarimizning chet mamlakatlarga ishlash uchun ketib qolishining asosiy sabablarining biri - aynan oliy o‘quv yurtiga kirolmaganliklari ekanligini unutib qo‘yamiz.

Bugungi kundagi oliy o‘quv yurtlariga bo‘lgan talab eski kvotali tizimning umri tugab borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, oliy ta’lim tizimidagi kvotali tizimning poyoniga yetishi kerakligini anglatadi. Kvotali tizimning olib tashlanishi yoshlarimizning chet ellarga chiqib ketishi, shuningdek, jinoyatlarning ma’lum darajada kamayishida muhim rol o‘ynaydi.   

Oliy ta’lim tizimi - bu bugunimiz va ertamiz

Oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan bir qancha islohotlar o‘tkazildi. So‘nggi yildagi yutuqlar faxrlanishga arziydi. Shunday bo‘lishiga qaramay, oliy ta’lim tizimi va oliy o‘quv yurtlarining sifatini oshirish bugungi kunning zamon talabiga aylanganini inkor qilib bo‘lmaydi. Chet el tajribasiga qaraganimizda, dunyodagi eng mashhur universitetlar davlat va xususiy sektorning hamkorligi asosida shakllanganini ko‘rish mumkin.

Shunday ekan, oliy ta’lim tizimiga xususiy sektorning jalb etilishi kutilgan natijani bera olishiga ishonish mumkin. OTMning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ularni zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) bilan ta’minlash, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan o‘quv-uslubiy materiallar va o‘quv dasturlari, yetakchi pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng joriy qilish orqali o‘quv sifatini oshirish masalalariga keng e’tibor qaratish taraqqiyotimizning ilk shartlaridan bo‘lib qolmoqda.

Bu borada olib borilishi kerak bo‘lgan tizimli islohotlar, xususan, Adolat SDPning saylovoldi dasturiga kiritilgani e’tiborga molik. Partiya “kvotasiz ta’lim tarafdori”, biroq kvotasiz ta’lim tibbiyot, san’at va shu kabi maxsus qobiliyat talab qilinadigan sohalarga amaldagi me’yorning saqlab qolinishini istaydi.

Oliy o‘quv yurtlarimiz bugun qanday ahvolda?

O‘zbekistonda 100dan ortiq mahalliy va xorijiy universitetlarning filiallari bor. Biroq ularning birortasi xalqaro reytinglar tasnifida 1000talikka ham kira olgani yo‘q. Qo‘shni Qozog‘istonning uchta universiteti bu ro‘yxatdan joy olgan. Bu borada ham Adolat SDPning saylovoldi rejalarida maxsus bandlar berilgan bo‘lib, ular oliy o‘quv yurtlarimizning 10 ga yaqinini 1000talik reytingga, O‘zbekistonda eng yuqori reytingga ega bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500talikka kiritishni reja qilib qo‘yishgan.

Bugungi fojiamiz nimada?

Oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillarda juda ko‘p ishlar olib borilmoqda. Shunga qaramasdan kamchiliklar to‘la bartaraf etila olganicha yo‘q. Bugungi kundagi fojiamiz ham aynan ta’lim tizimimizdagi kamchiliklar bo‘lib qolmoqda. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan 900 000 abituriyent ham o‘zbek xalqining farzandi. Ular ham o‘qishni istashadi. Kvotalarning ko‘pligi qaysidir yoshni chet elda qora mehnat asiri bo‘lishining oldini olishi, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga yordam berishi mumkin.

Ta’lim azaldan o‘zbek xalqining eng asosiy masalalaridan bo‘lib kelgan. Aynan ta’lim tizimida tub islohotlar o‘tkazish orqaligina taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarila olamiz.

Taraqqiyot - ta’lim va adolatning uyg‘unligiga bog‘liq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring