TATUda Press-klub ish boshladi (foto, video)
Bugun, 28-iyul kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Press-klubining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda axborot texnologiyalari sohasi korxona va tashkilotlari rahbarlari, bloger hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Jamshid Egamberdiyev mazkur Press-klub katta muloqot maydoniga aylanishiga tilak bildirib, tashkilotchilarga omad tiladi.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro Press-klub rahbari Sherzod Qo‘dratxo‘ja esa mazkur markaz OTMlar orasida birinchilardan bo‘lib ochilganini alohida e’tirof etdi hamda hamkorlikda juda ko‘plab loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
– Xalqaro Press-klub ochilganiga to‘rt yil bo‘ldi, – dedi Sherzod Qo‘dratxo‘ja. – Yoshlar agentligida ham shunday klub ochilgandi. Mana bugun oliy ta’lim musassasalari orasida birinchilardan bo‘lib TATUda Press-klub tashkil etildi. Xursand bo‘ldik. Birgalikda ishlab, turli tok-shoular o‘tkazishimiz, talaba va yoshlarga motivatsiya beradigan turkum loyihalarni amalga oshirishimiz kerak.
Tashkilotchilarga bloger hamda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. Tadbir yakunida mehmonlar uchun Press-klub bo‘ylab kichik ekskursiya tashkil qilindi.
Haqiqatda TATU media markazi zamonaviy jihozlangan. Markazda dublyaj va ovoz yozish studiyalari, xromokey hamda montaj xonalari, tomosha zali mavjud. Universitet Press-klubi zalidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatuvlarni uzatish imkoniyati bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter