Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tirishqoqligi evaziga 15000 AQSh dollarigacha pul topadigan tengdoshlarim bor» – Avstraliyadagi Jaloliddin Abdurahmonov bilan suhbat

«Tirishqoqligi evaziga 15000 AQSh dollarigacha pul topadigan tengdoshlarim bor» – Avstraliyadagi Jaloliddin Abdurahmonov bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi suhbatdoshi — Jaloliddin Abdurahmonov. Qahramonimiz 2018 yili Avstraliyaning Torrens universitetini tamomlagan.

Hozirgi kunda Avstraliyadagi Hyatt Regency Sydneyda oshpaz sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Ishlashni boshlaganimdan so‘ng o‘z-o‘zidan oshpazlikka mehrim uyg‘ongan

1994 yilda Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sganman. Maktabni a’lo baholarga bitirganimga qaramay, kelajakda kim bo‘lishimni aniqlay olmagandim. Qiziqishlarim juda ko‘p edi, lekin ma’lum bir maqsadim bo‘lmagani sababli ota-onam tavsiyalariga ishonib Toshkent mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kollejini tanlaganman. Tengdoshlarim orasida oshpazlikka qiziqqan va ishlashni boshlagan bolalarni ko‘rib zavq oldim va birinchi ishimni topdim. Ishlashni boshlaganimdan so‘ng o‘z-o‘zidan oshpazlikka mehrim uyg‘ongan.

O‘ylashimcha, ko‘pchilik chet elga, xususan, «sehrli diyor» hisoblangan AQShga hech bo‘lmasa bir marta bo‘lsa-da borishni xohlaydi. Men ham Qo‘shma Shtatlarning Chikago shahriga ketishni reja qilib yurgan paytim maktabdagi yaqin do‘stimning Avstraliya haqidagi gaplari qiziqtirib qo‘ygan. Shunday qilib dunyo bo‘yicha yashashga eng zo‘r shaharlardan biri deb topilgan Melburn shahriga ko‘nglim tushgan, ammo men tanlagan oliygoh faqat Sidneyda joylashganligi sababli u yerga borib o‘qishni va malaka oshirishni reja qildim. Natijada 2016 yil Avstraliyaga keldim. Hozir Hyatt Regency Sydneyda oshpaz sifatida ishlayman.

Janub qismi shaharlarini, aksincha, Angliyaning bulutli shaharlariga o‘xshataman

Avstraliya aholisi deganda muayyan bir millat ko‘z oldimga kelmaydi, Amerikaning qizil tanlilariga o‘xshab Avstraliyaning ham mahalliy aholisi bo‘lgan. Vaqt o‘tgan sayin Yevropa oq tanlilari va O‘rta yer dengizidan Arab millatiga mansub insonlar boylik yoki tinchlik izlab Avstraliyaga kelib qolishgan. Hozirgi sharoitda Avstraliya aholising ko‘p qismi juda ochiq ko‘ngil va mehmondo‘st millat.

Avstraliyaning 4 shahrida bo‘ldim, hammasining o‘ziga xos tabiati mavjud va mahalliy aholisi ham juda bir-biriga o‘xshamagan insonlar. Bir-biridan go‘zal sohillar va dam olish maskanlariga boy davlat. Qit’aning shimol qismida deyarli qish bo‘lmasa, Janub qismi shaharlarini, aksincha, Angliyaning bulutli shaharlariga o‘xshataman.

Bir bekat yurganingiz uchun 10 ta bekat yurish pulini to‘lamaysiz

Avstraliyaga birinchi kelganimda birinchi meni qoyil qoldirgan jihatlaridan biri bu transport tuzilmasi bo‘lgan. Mahalliy avtobus va metrolarning hatto soniyasigacha punktual qatnovi insonlarning vaqtlarini juda tejaydi. Sizga bir misol keltiraman.

Deylik ertaga ish bilan ertalab soat 7:00 atrofida Yunusobod bozorida bir do‘stingiz bilan uchrashishingiz kerak. Telefoningizdagi xaritaga kirasiz va Yunusobod bozorini kiritasiz va ertalabki belgilangan vaqtga yetib borish deb tanlaysiz, xaritani o‘zi sizga aytadi, uyingiz oldidagi avtobus bekatiga 6:30 da avtobus keladi va u uchun siz uyingizdan shu vaqtda chiqib ketsangiz, o‘sha avtobusga ulgurasiz va soat 7:00ga kechikmay yetib borasiz. To‘g‘ri, bu amaliyot ma’lum darajada Toshkentda ham yo‘lga qo‘yilgan. Lekin, bilishimcha, viloyatlarda hali bu joriy qilinmagan.

Ikkinchi menga ma’qul kelgan jihati transport uchun pul o‘tkazma kartochkalari mavjud. Qaysi bekatdan avtobusga chiqdingiz va qaysi bekatda tushib qoldingiz shunga qarab sizni kartangizdan pul yechiladi, bir bekat yurganingiz uchun 10 ta bekat yurish pulini to‘lamaysiz.

O‘zbekistonda ham shu tizimni yo‘lga qo‘yishga harakatlar boshlanganidan xabarim bor. Ammo buni cho‘zib yuborish kerak emas, deb hisoblayman.

Yiliga 15000 AQSh dollari atrofida bo‘ladi

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, Avstraliya aholisi juda mehnatkash, kichik xizmat ko‘rsatish bizneslarini yo‘lga qo‘yib, turli xil millatdan kelgan insonlarni ish bilan ta’minlashadi.

Asosan xorijliklar, birinchi navbatda, ovqat yetkazib berish «Uber Eats» kabi ishlarga joylashishadi, tezda ishga joylashish mumkin va sizdan katta mablag‘ ham talab qilinmaydi.

Kafe va restaranlarga oshpaz yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi sifatida ish topish ham oson.

Qurilish sohalarida ishlar ko‘p topiladi, jismoniy mehnat qiyinligi sababli maoshi ham shunga xos balandroq.

Boshlanishiga oyiga 3000 AQSh dollari topsa bo‘ladi va shuni aytib o‘tishim kerakki o‘z harakati va tirishqoqligi evaziga oyiga 15000 AQSh dollargacha pul topadigan tengdoshlarim ham yo‘q emas.

Xarajatlarga kelib to‘xtalsak, insonning o‘z xohish va talablariga qarab xarajatlari ham turlicha bo‘ladi, o‘rtacha 1000 AQSh dollari 1 oylik xarajatlar uchun yetarli deb o‘ylayman.

Ma’lumot uchun aytmoqchiman, bu yerga ko‘pgina tengdoshlarim o‘qish vizasi bilan kelganliklari sababli topgan pullarining ko‘p qismi o‘qish kontraktini to‘lashga ketib qoladi. Aniqrog‘i, Avstraliyada bakalavr bosqichida o‘qish o‘rtacha yiliga 15000 AQSh dollari atrofida bo‘ladi.

Ko‘pchilik Avstraliya yoki boshqa xorijiy mamlakatga ketish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar so‘rashadi

Ochig‘i, Avstraliyaga kelganimdan buyon juda ko‘pchilik Avstraliya yoki boshqa xorijiy mamlakatga ketish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar so‘rashadi. Qariyb 7 yillik tajribalarimdan kelib chiqib quyidagilarni aytib kelaman:

- Uyda ovqat pishirib yesangiz, ko‘chadan sotib olmasangiz, yashash xarajatlari arzonga tushadi, shuning uchun xorijga ketishdan avval albatta ovqat pishirishni o‘rganib oling;

- Boshlanishiga ish tanlamang, sababi begona yurtda doim ham ko‘nglingizdagidek ish topilavermaydi. Biz kabi talabalarga kelgandan so‘ng, birinchi navbatda, moddiy yordam zarur;

- Biron bir ishga qiziqishingiz bo‘lsa, shu soha bo‘yicha ma’lum darajada malakaga ega bo‘ling, chunki chet elda biron ishni yaxshi bilsangiz, albatta maoshingiz ham malakasiz kelgan odamlarnikidan yuqoriroq bo‘ladi;

- Keyin albatta til o‘rganing. Imkon bo‘lsa 4-5 ta chet tilni bilsangiz, xorijda o‘qish va yashash davomida qiynalmaysiz.

Yurtimiz rivojlanishi yo‘lida hissa qo‘shish eng katta maqsadlarimdan

Kelajakda amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalarim ko‘p. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, bu yerda ham kasbiy, ham moddiy jihatdan yaxshilanib, yurtimiz rivojlanishi yo‘lida hissa qo‘shish eng katta maqsadlarimdan.

Qolaversa, chet el davlatlaridagi vatandoshlarimizni ham albatta O‘zbekistonga qaytib yurt rivojlanishi uchun hissa qo‘shishlarini so‘ragan bo‘lardim.

Boisi Avstraliyada yashayotgan bo‘lsam-da, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan yangiliklardan boxabar bo‘lishga harakat qilaman. Mamlakatimizda ko‘p yaxshi o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Kuchimiz yetgancha o‘z sohamizni chet elda mukammal o‘rganib, olgan bilim va malakalarimizni O‘zbekistonda tadbiq qilishning hozir ayni vaqti deb o‘ylayman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring