Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda 300 talaba yotoqxonadan chiqarib yuborildi: tafsilotlar

Toshkentda 300 talaba yotoqxonadan chiqarib yuborildi: tafsilotlar

Skrinshot/Ijtimoiy tarmoqlar

Tarmoqda Toshkent davlat texnika universitetida viloyatdan kelib tahsil olayotgan 300 nafar talaba yotoqxona uchun pul to‘laganiga qaramay, bir kun ichida binodan chiqarib yuborilgani xabar berildi. 

Tugatilayotgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan yotoqxonaning kadastr hujjati va foydalanish uchun zarur ruxsatlari mavjud emas.

Mazkur obyektning kadastr hujjatlari hali rasmiylashtirilmagan hamda undan foydalanish uchun zarur tegishli ruxsatlar olinmagan. Shu sababli obyektga talabalarni rasmiy tartibda joylashtirish imkoni mavjud emas. 

 Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshiradi hamda belgilangan tartibda yo‘llanma olganidan so‘ng turar joyga joylashtiriladi. 

Biroq tadbirkor tomonidan mazkur obyektda ayrim talabalar belgilangan tartibga rioya etilmagan holda, tegishli yo‘llanmasiz joylashtirilgani aniqlandi. Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga tegishli bo‘lmagan boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining ham ushbu obyektga joylashtirilgan holatlari kuzatilgan. 

Mazkur holat aniqlangach, talabalarning xavfsizligi va ular uchun zarur sharoitlarni ta’minlash maqsadida barcha talabalar obyektdan chiqarilib, Toshkent davlat texnika universitetining mavjud bo‘sh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirildi. Boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari esa tegishli mas’ullar orqali o‘z ta’lim tashkilotlariga qaytarildi. 

Xorijiy talabalarni ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz, foydalanishga rasman topshirilmagan obyektda joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bois ular ham xavfsizlik choralari doirasida mazkur obyektdan chiqarildi. 

Ayni paytda talabalar turar joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Shuningdek, obyektda issiq suv va isitish tizimlari hali to‘liq ishga tushirilmagan. 

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur obyektning rasmiy ochilish marosimi ham hali o‘tkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda to‘liq yakunlanmagani sababli avgust oyida hududlarda o‘tkazilgan ochilish tadbirlari doirasida ushbu obyektdan foydalanish boshlanmagan, deyiladi xabarda. 

Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, obyekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi va talabalarni joylashtirish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi. 

Shu bilan birga, mazkur obyektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan to‘liq, ya’ni 100 foiz miqdorida qaytarib berildi. 

Ta’kidlash joizki, talabalarning mazkur obyektga belgilangan tartibga rioya etmagan holda tadbirkor tomonidan joylashtirilgani haqida universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor bo‘lmagan. Holat aniqlanganidan so‘ng talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida tegishli choralar ko‘rildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring