Xalq ta’limi muassasalari faqat XTVga bo‘ysunadi

O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Prezidentning «Xalq ta’limi tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi muhokama qo‘yilgani haqida xabar bergandik.
Hujjatda yuqori toifali mutaxassislar uchun xalq ta’limi muassasalari jozibadorligini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish nazarda tutilgan. Bu haqda «Norma» xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, xalq ta’limi muassasalarining barchasi faqat Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunishini belgilaydigan tartibni joriy etish taklif etilmoqda. Xalq ta’limi vaziriga mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan kelishuvsiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi XTV, viloyat xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi rahbarlarini, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlarini, shuningdek Vazirlikka bo‘ysunadigan boshqa tashkilotlar va muassasalar rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish huquqini berish rejalashtirilmoqda.
Xalq ta’limi tizimi muassasalarida tekshiruvlar o‘tkazish reglamenti va jadvallarini ishlab chiqish ko‘zlangan. Barcha tekshiruv organlari tegishli hududlardagi xalq ta’limi muassasalari, shuningdek ularning xodimlari va pedagoglar faoliyati ruxsatsiz tekshirilishini tashkil etganligi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa nazorat organlari rahbarlari shaxsan javobgar bo‘ladilar.
Ta’lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilarga nisbatan ilk bor sodir etgan qonunbuzarliklari uchun moliyaviy jarimalar qo‘llashga uch yillik taqiqni joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqildi. O‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari darajasini ularning malakasini belgilovchi asosiy mezon etib belgilash taklif etilmoqda.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter