Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xoxay universitetidagi magistrantlar bilan masofaviy muloqot uyushtirildi

Xoxay universitetidagi magistrantlar bilan masofaviy muloqot uyushtirildi

Ilmning qayerda va qachon olinishi emas, balki uning qanday va qay darajada egallanishi mohiyatli. Ta’lim tizimida ham rivojlangan xorijiy davlatlar bilan hamkorliklar taraqqiyotimizga zamin bo‘lar ekan, bu masala doimiy diqqat e’tiborimizda bo‘lishi ham ahamiyatli.

Joriy yilning 16 iyun kuni o‘tkazilgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talabalari va institutning bugungi kunda Xitoyning Xoxay universitetida magistratura bosqichida taxsil olayotgan bitiruvchilari o‘rtasidagi onlayn muloqot xuddi shu maqsadi bilan e’tiborga molik bo‘ldi.

«ZOOM» platformasi orqali o‘tkazilgan masofaviy muloqotda institutimiz rektori O‘.Umurzoqov rahbarligida prorektorlar, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar va bitiruvchi kurs iqtidorli talabalari vakillari, Xitoyning Xoxay universitetida magistratura bosqichida tahsil olayotgan bitiruvchilaridan 8 nafari, jami 100ga yaqin ishtirokchilar qatnashishdi.

Suhbat chog‘ida xorijda tahsil olayotgan bitiruvchilarning hayoti va o‘qish holati va sharoitlari bilan tanishildi. Talabalarning Pandemiya sharoitidagi o‘qish va yashashda ijobiy tajribalari bilan almashish, targ‘ib etish o‘zaro manfaatli hamkorlik va qo‘llab-quvvatlash ishlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu onlayn forumda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor, texnika fanlari doktori, professor Abduhakim Salohiddinov moderatorlik qildi.

Institutimiz rektori, professor O‘ktam Umurzoqov o‘zining kirish so‘zida hamkorlik samarasi amaliy natijalar bilan belgilanishini ta’kidlab, xorijda tahsil olayotgan talabalarning o‘qish va yashash sharoitiga oid muammolar bilan  qiziqib, ularga qanday yordam kerak bo‘lsa, institut rahbariyati doim tayyor ekanligini uqtirib o‘tdi. So‘ngra moderator Xitoyda tahsil olayotgan, pandemiya sabab bugun o‘z vatanida bo‘lgan magistrlarga so‘z navbatini berdi.

Xoxay universiteti Hydrology and Water resources mutaxassisligi 2-kurs magistranti Karimboyev Feruzbek dastlab barcha talabalarni tanishtirdi va so‘ngra o‘z tajribasi haqida gapirib berdi.

Burxonov Bekzod va Ergashev Jamshid Xoxay universiteti Hydrology and Water resources mutaxassisligi bo‘yicha 2-kurs magistrantlari sifatida o‘qish jarayoni va talabning yuqori ekanligi, barcha talabalar dars mashg‘ulotlariga mas’uliyat bilan qarashi borasida to‘lqinlanib so‘zlashdi.

So‘ngra Xoxay universiteti Public management mutaxassisligining 2-kurs magistranti  Safayev Akbarbek, Agricultural Engineering mutaxassisligining 2-kurs magistranti Masharipov Umidbeklar tahsilpaytida har ikkala davlatning hamkorlikdagi ishonchi, manfaati va sharafi bo‘lish tuyg‘usi doimo qalblaridan kechmagani borasida so‘zladilar. Shuningdek, Xoxay universiteti Hydrology and Water resources mutaxassisligi 1-kurs magistranti Yo‘ldoshev Abbos, Public management mutaxassisligi 1-kurs magistranti Xayrullayev Zoidjonlar o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, o‘z sohaviy yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy ishlarni davom ettirib, barcha reja va natijalarini o‘z vatani manfaati yo‘lida amalga oshirish niyatida ekanliklarini aytib o‘tdilar.

O‘zaro savol-javoblardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, institutimizda tahsil olayotgan boshqa talabalarga ham orzu, istak, boshqacha aytganda, motivatsiya bo‘lgani sir emas. Rektorimiz ularga talab va ishonch yo‘sinida quyidagi mazmundagi fikrlari bilan yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berdilar.

Bugungi kun talabi faqat o‘qish va o‘qitishgina emas, balki qo‘llash, ta’lim tajribalarini amalda ishlata olishdir. Bu esa magistratura ta’limiga bevosita daxldor bo‘lishi kerak. Bunga aslida, bakalavriat tizimidayoq e’tiborni qaratish kerak. Barcha fanlar qatori matematika faniga ko‘proq e’tibor qaratish zarur, Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni busiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

O‘tgan haftada Prezidentimiz O‘zFAning yangi Matematika institutining ochilishida «Kechagi dars berish uslubi bilan matematikani jadal rivojlantirib bo‘lmaydi. Shu bois avval amalda yaxshi natija bergan xorijiy metodika asosida ta’lim dasturlari yaratib, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash zarur. Metodika shunday bo‘lishi kerakki, u bolalarda matematikaga muhabbat uyg‘otsin. Buning uchun o‘quvchilar bu fan hayotda, har bir sohada o‘ziga kerakligini anglashi zarur. Yoshlar imtihondan o‘tish uchun emas, bilimli mutaxassis bo‘lish uchun o‘qishi lozim», – deb ta’kidlaganlari bejiz emas.

Demak, amaliy matematikaga, har xil sohalardagi modellashtirish masalalariga e’tibor qaratishimiz kerak. Umuman aytganda, injener yoki iqtisodchi matematikasiz o‘z kasbining chinakam egasi bo‘la olmaydi, ilmiy xodim ham bo‘la olmaydi.

— Yigitlarimiz bu g‘oyani yaxshi tushunadilar. Publikatsiya masalasi jiddiy masala ularning supervayzeri ma’lum bir natija olgandan keyin tezlikda e’lon qilish kerak. Shuning uchun bu ishni davom ettirish  kerak ularning hammualliflikda bo‘lgani ham ma’qul. Jamshid aytib o‘tganidek, institutdagi ayrim o‘qituvchilar bilan aloqada bo‘linayotgani, maslahatli ish tutilayotganligi ham maqsadga muvofiq. Publikatsiyaga qayta-qayta e’tibor  qaratayotganimiz boisi mamlakatimiz taraqqiyotini nazarda tutgan holda, vataningizdami, yo xorijda bo‘lsin, albatta, doktorlik dissertatsiyalaringizni himoya qilishga kirishishingiz kerak, bu bizning xohishimiz va talabimiz ham, — dedi institutimiz rektori Xitoyda tahsilda bo‘lgan magistrantlarga.

Pandemiya sharoitida onlayn tizim ancha foydali bo‘lgani, muhim rol o‘ynagani aniq, lekin yuzma-yuz turib dars olish va dars berishning mazmun-mohiyati baribir bo‘lakcha. Ilm-ma’rifatning rivoji harakatimiz, maqsad va faoliyatimizning mayog‘i bo‘lishi kerak.

Moderator professor Abduhakim Salohiddinov onlayn forumni yakunlay turib ishtirokchilarga samimiy tilaklarini bildirdilar va bunday yo‘sindagi masofaviy muloqotlarni bundan keyin ham tez-tez tashkil etib turish zarurligini ta’kidladilar.

Rahimboy Jumaniyozov,
institut matbuot xizmati rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring