Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya bog‘chasida bir kun (video)

Yaponiya bog‘chasida bir kun (video)

Yaponiyada yashaydigan hamyurtimiz Bahodir Iskandarov Facebook sahifasida Yaponiyadagi hayot, yaponlarning qadriyatlari haqida tez-tez ibratga loyiq ma’lumotlar bilan bo‘lishadi. Yaqinda hamyurtimiz «Yapon bog‘chasida bir kun» mavzuida videorolik tayyorladi. Va bu videorolik yuz nafardan ziyod folloverlar tomonidan ulashildi. Sababi maktabgacha ta’lim tizimimiz ham yaponlardan o‘rganadigan jihatlari bor...

Bahodir Iskandarov «bolamizni bog‘chaga berib o‘zimiz ham qayta tarbiyalanayapmiz», deydi.

– Yapon bog‘chalarining menga eng yoqqan tomoni «Renrakuchō» ya’ni, ota-ona va bog‘cha o‘rtasida ma’lumot almashinish uchun yoziladigan kundalik bo‘ldi. Ertalab 09:00 – 18:00 gacha bolangiz bilan bo‘lgan voqealar, nima yeganiyu nima ichgani, kayfiyati, sog‘lig‘i, boshini qayergadir urib olgani kabilarni bog‘chadagi o‘qituvchilari qo‘lda yozib berishadi. Keyin ota-ona 18:00 dan 09:00 gacha bo‘lgan jarayonni yozadi. Soat nechada uxlaganidan tortib, necha marta hojatxonaga kirganigacha. Shunday qilib, bola 24 soat nazorat ostida bo‘ladi.

Bog‘chada bolaning yeydigan taomining nomlari va tarkibini har oyda sizga ko‘rsatishadi. Roziligingiz va imzoingizni olgachgina o‘sha ovqatni bolaga yedirishadi. Yana bir muhim jihati: bolalarning sport bilan shug‘ullanishi, sayrga olib chiqilishi, hayvonot bog‘iga borishi, ekin maydoniga borib ekin ekishi kabi dasturlar davlatdagi butun maktabgacha ta’lim muassasalarida aniq bir tizimga solingan! Ya’ni siz bilan mening farzandim boshqa-boshqa shaharlardagi bog‘chalarga borgan bo‘lishi mumkin, lekin ular bir-xil she’r va qo‘shiqni aytib, bir-xil rejimda katta bo‘layotgan bo‘ladi...», qayd etadi muallif.

Videoda  yapon bog‘chasining yana juda ko‘p o‘rganish mumkin bo‘lgan jihatlari e’tiborga olingan. O‘ylaymizki, bu lavhalar ko‘pchilikni bee’tibor qoldirmaydi, hatto o‘rganish va tadbiq qilish foydadan holi bo‘lmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring