Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yoshlar ittifoqi maktablarga 47 nomda jami 450 ming dona kitob sovg‘a qildi

Yoshlar ittifoqi maktablarga 47 nomda jami 450 ming dona kitob sovg‘a qildi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi xalq ta’limi tizimida faoliyat yurituvchi maktablarga 47 nomdagi jami 450 ming dona kitoblarni taqdim etdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

Kecha, 27-dekabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida mazkur kitoblarni O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda M-fond homiylik platformasi loyiha hamkori sifatida ishitrok etdi.

“Xalq ta’limi tizimi xodimlari va farzandlarimiz nomidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga tashakkur bildiraman. Biz farzandlarimizni kitob mutolaasiga jalb etish orqali ularning fikrlash doirasini kengaytiramiz hamda kelajagi porloq bo‘lishiga zamin yaratamiz. Kelgusida ham bu kabi ibratli loyihalar soni oshib boradi, degan umiddaman. Hozir o‘g‘il-qizlarimiz uchun kiritilgan sarmoyalar yillar o‘tgach, albatta bir necha barobar ko‘p bo‘lib qaytadi”, dedi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Ushbu loyiha doirasida 2018-yilda 47 nomdagi kitoblar to‘plami 5 mlrd. so‘m mablag‘ hisobida nashrdan chiqqan bo‘lsa, keyingi yilda mazkur kitoblar soni 200 nomga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan Markaziy Kengash qoshidagi “Yoshlar nashriyot uyi”da “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 47 nomdagi badiiy kitob 10 000 nusxadan, jami 470 000 dona kitob chop etildi.

Mazkur kitoblar to‘plami O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi orqali Respublikadagi 9636 ta maktab va 85 ta oliy ta’lim muassasalariga yetkazilishi belgilangan.

“Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida chop etilayotgan badiiy kitoblar bilan Respublikadagi umumta’lim maktablarini ta’minlashga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi budjetidan 10 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.

2018-yil davomida “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 60 nomdagi o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari bo‘lgan kitoblar nashrga tayyorlandi. Mazkur kitoblarning 47 tasi 10 ming nusxadan chop etildi. Nashrga tayyorlangan kitoblardan 41 tasini o‘zbek adabiyoti, 19 tasini esa jahon adabiyotiga oid asarlar tashkil etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring