«Airbus» posilkalarni dronlar yordamida yetkazib berishni Singapurda sinovdan o‘tkazadi
Yaqinda «Airbus» kompaniyasi Singapur hukumati vakillariga mamlakat hududida yuklarni uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar yordamida yetkazib berish texnologiyasini sinovdan o‘tkazishga ruxsat berishni so‘rab murojaat yo‘lladi.
Mamlakat va «Airbus Helicopters» kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi ikki yil oldin imzolangandi, biroq tomonlar shu kunga qadar hech qanday faollikni namoyon etishmayotgan edi. Endilikda «Airbus» o‘zining uchuvchisiz boshqariladigan «Skyways» tizimini yaqin orada ishga tushirishi ma’lum bo‘ldi, deb xabar qildi «Hi-News».
Megapolis aholisining xavfsizligini ta’minlash maqsadida sinov Singapur milliy universiteti hududida o‘tkaziladi — aynan mahalliy kampuslardagi talabalar kurer-dronlarning kamchiligi va foydali jihatlarini baholashadi.
Tizimning ishlash prinsipi juda oddiy: mijoz o‘z posilkasini qabul punktlaridan biriga topshiradi. Shundan so‘ng manipulyator posilkani dronga yetkazuvchi konveyerga joylashtiradi. Markaziy kompyuterdan buyurtmani qayerga olib borish haqidagi ma’lumotlarni olgan uchar qurilma belgilangan manzil tomon yo‘l olib, eng yaqin topshirish punktiga borib qo‘nadi. Posilka manzilga yetkazilgach, mijozga bu haqida xabar va kod yuboriladi. Shundan so‘ng mijoz istalgan vaqtda borib, o‘zining kodini terib, posilkasini olib ketishi mumkin.
Dastlabki dronlar turli ko‘ngilsiz holatlarni oldini olish maqsadida operatorlar nazorati ostida uchadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter