AKT vaziri SPbDTU bitiruvchilari bilan uchrashdi

19-avgust kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov M.A.Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universiteti (SPbDTU)ning bitiruvchilari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Rossiyaning ushbu nufuzli universitetida 2003-yildan 2018-yilgacha bo‘lgan davrda 66 nafar o‘zbekistonlik talabalar tahsil olishgan. Tarmoq korxonalari va SPbDTU o‘rtasidagi 15 yillik hamkorlik davomida mamlakatimiz AKT sohasi o‘nlab yuqori malakali AT-mutaxassislarga ega bo‘ldi. Uchrashuvda mamlakatning innovatsion ravnaqi uchun xorijda olingan bilimlardan yanada samaraliroq foydalanish borasida so‘z yuritildi.
2003-yili «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi ushbu universitet bilan shartnoma imzolagandi, unga ko‘ra, har yili O‘zbekistonning besh nafargacha talabasi Rossiya shimoliy poytaxtiga o‘qishga yuborildi. Shu bilan birga, xorijda tahsil olishning asosiy maqsadi nafaqat yuqori sifatli ta’lim olish, balki bizning mamlakatda hali o‘qitilmayotgan, ammo ehtiyoj mavjud bo‘lgan mutaxassislik bo‘yicha bilimlarni olishdir. 2003-2018 yillarda hammasi bo‘lib SPbDTUda AKT vazirligining tarmoq korxonalaridan 66 nafar xodim (48 nafari «O‘zbektelekom» AKdan va 18 nafari «Unicon.uz» DUK dan) tahsil oldi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ushbu bitiruvchilarining aksariyati bugungi kunda O‘zbekistonning AKT sohasida ishlashmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, talabalarning Bonch-Bruyevich nomidagi SPbDTUda o‘qitishdagi hamkorlik mamlakatning rivojlanishi uchun o‘z mevalarini bermoqda. Mazkur hamkorlik bugungi kunda ham davom etmoqda. Hozirda universitetda «O‘zbektelekom» AKdan 10 nafar talaba ta’lim olmoqda.
AKT vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvda Bonch-Bruyevich nomidagi SPbDTU bilan uzoq yillar hamkorlik qilishning ijobiy natijalariga qaramay, bitiruvchilarning erishgan bilim va ilmiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish kerakligi ta’kidlandi. Bitiruvchilarning rivojlanish uchun salohiyatini tahlil qilish kerak va agar kerak bo‘lsa, ularni yanada mas’uliyatli va qiziqarli ish joylariga yuborish lozim, buning natijasida ular Sankt-Peterburgda olgan bilimlaridan iloji boricha samarali foydalansinlar. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va AKT sohasida ilm-fanni rivojlantirish uchun Bonch-Bruyevich nomidagi SPbDTU bitiruvchilarining ilmiy salohiyatidan foydalanish kerak. Bilim va tajriba almashish uchun M.A.Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universiteti (SPbDTU)ning bitiruvchi-o‘zbeklarining hamjamiyatini tashkil etish taklif etildi.
Ma’lumot uchun:
- M.A.Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universiteti Rossiya Federatsiyasining eng qadimgi va mashhur universiteti, aloqa va telekommunikatsiya sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Rossiya oliy maktabining yetakchilaridan hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter