Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

An’analar va innovatsiyalar: School 21 Toshkent shahrida faoliyat boshladi

An’analar va innovatsiyalar: School 21 Toshkent shahrida faoliyat boshladi

Toshkent shahrida har bir xohlovchi IT yo‘nalishida talab yuqori bo‘lgan kasbni bepul egallashi mumkin bo‘lgan raqamli texnologiyalar maktabi – School 21 kampusi o‘z faoliyatini boshladi. Bu maktabning O‘zbekistonda ochilgan ikkinchi kampusidir.

Toshkentdagi kampus 8 100 m³ ga yaqin maydonni egallagan. School 21 klasterlari mamlakatning qadimiy shaharlari, jumladan, «Toshkent», «Samarqand», «Buxoro», «Xiva», «Qo‘qon», «Shahrisabz», «Termiz», «Nukus», «Jizzax» va «Andijon» nomlari bilan atalgan. Binoning ichki intereri O‘zbekiston tabiati va tarixini o‘zida aks ettirgan. Umumiy foydalanish joylari, kovorkinglar, muzokaralar va dam olish xonalarini bezashda an’analar va innovatsiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlik bezaklar va geometrik shakllar uyg‘unligida mujassamlashtirilgan.

Zarina Luxmanova, School 21 asosiy ijrochi direktori:

«School 21 ikkinchi kampusining Toshkent shahrida ochilishi O‘zbekistonning IT infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadamdir. Dastlabki qadamda 710 nafar ishtirokchini saralash «hovuzimiz»da birlashtirganligimizdan g‘oyatda xursandmiz. Ularning har biri – mamlakat kelajagiga hissa qo‘shadigan salohiyatli IT mutaxassisidir. Shu o‘rinda aytmoqchimanki, biz axborot texnologiyalari sohasida rivojlanishga intilayotganlar uchun imkoniyatlar yaratishda va O‘zbekistonning raqamlashtirish bo‘yicha rivojlanish strategiyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz».

Yangi kampusga 10 000 dan ortiq talabgorlar o‘qish uchun ariza topshirishdi. Shulardan 710 nafari birinchi saralash «hovuzi»ga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Ishtirokchilarning o‘rtacha yoshi 24 yoshni tashkil etmoqda. Eng yoshi katta ishtirokchi esa 49 yoshda. Ularning aksariyati ilgari hech qachon dasturlashda o‘zini sinab ko‘rmagan. Qatnashchilar orasida ta’lim, logistika, tibbiyot, buxgalteriya sohalari mutaxassislarini uchratish mumkin. Ahamiyatli jihati shundaki, «tengdosh tengdoshga» metodologiyasi, ya’ni ishtirokchilarning bir-birlaridan o‘rganishlari, hatto ushbu soha bilan ilk bor shug‘ullanayotganlarga ham muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan bilimlarni egallash imkonini beradi. Maktabga kirish uchun 21-school.uz saytiga ariza topshirish, xotira va mantiq bo‘yicha onlayn o‘yinlardan o‘tish, undan keyin «hovuz»ni, ya’ni saralash intensivini ijobiy yakunlash lozim. Barcha bosqichlarni muvaffaqiyatli yakunlaganlar asosiy ta’limni boshlashlari va 1,5 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda IT bo‘yicha talabgir kasbini egallashlari mumkin.

Loyiha Raqamli Texnologiyalar vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Maktab haqida

School 21 – bu raqamli texnologiyalar maktabi bo‘lib, saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 18 yoshdan oshgan barchaga IT sohasida talab yuqori bo‘lgan ta’limni bepul egallash imkonini beradi. Maktabga kirish oldingi bilimlarga, ish tajribasiga, dasturlash qobiliyatiga va diplomlarning mavjudligiga bog‘liq emas. Ta’lim bozorning haqiqiy ehtiyojlariga yo‘naltirilgan moslashuvchan va dolzarb tarkibga ega raqamli platformada amalga oshiriladi. O‘quv dasturi turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi, jumladan, S tilida tizimli dasturlash, S++ da ob’yektga yo‘naltirilgan dasturlash, kompyuter tarmoqlari, algoritmlar, SQL’da ma’lumotlar bazalari, Java, Python, Golang tillarida amaliy dasturlash va mobil dasturlash, Frontend, Backend, ML & DS, Big Data, GameDev va boshqalar.

School 21 loyihasi o‘tgan yilning dekabr oyidan boshlab Samarqandda amalga oshirilmoqda va unga talab tobora ortib bormoqda. Maktabning o‘tgan davrdagi faoliyati davomida 15 000 dan ortiq kishi asosiy ta’lim uchun ariza topshirdi va IT sohasida o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring