Ayrim «PAYNET» shoxobchalari yana «xizmat haqi» ola boshladi
Shu kunlarda Toshkentning ayrim hududlaridagi «PAYNET» shoxobchalari mijozlardan yana «xizmat haqi» foizini ola boshladi. Bu haqdagi xabarlar dastlab ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan. Xususan, foydalanuvchilarning aytishicha, bu kabi holatlar Yunusobod dahasida va Toshkentning boshqa bir qator qismlarida qayd etilgan.
«MobInfo.uz» nashrining muxbiri ham ushbu xabarlar haqiqat ekanligini tekshirib ko‘rgan. «TTZ» massivida joylashgan «PAYNET» shoxobchalari mijozlardan «xizmat haqi» foizini olgan. Masalan, 5000 so‘m to‘lov qilinganida, mijozdan 200 so‘m xizmat talab qilinadi.
«PAYNET» shoxobchalari xodimlarining so‘zlariga qaraganda, ular yuqorida ko‘rsatilgan foizni olishga majbur bo‘lishmoqda, chunki aks holda «shoxobcha moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamayotganmish». «Yo shoxobchani yopishimiz kerak, yoki shu tartibda ishlashimiz», — deydi «paynetchi»lardan biri.
Eslatib o‘tamiz, «PAYNET» shoxobchalari mavjud qonunlarga ko‘ra, foizlarni yakuniy foydalanuvchidan emas (aholi), balki tizim hamkorlari — mobil aloqa operatorlari, internet provayderlar va «simli TV» va hokazolardan olishi kerak.
Mamlakatdagi «UZPAYNET» shoxobchalarining soni 25 mingdan oshadi. Har kuni «UZPAYNET» orqali bir necha million to‘lovlar amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter