Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bola internetga kiradi. Internet bolaning dunyosiga kirmasin...

Bola internetga kiradi. Internet bolaning dunyosiga kirmasin...

Foto: Xabar.uz

«O‘zkomnazorat» inspeksiyasi Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish va onlayn platformalarda noqonuniy kontent bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Nigora Xodjayevaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, bugun bolani internetdan uzib qo‘yish deyarli imkonsiz. U yerda bola o‘qiydi, o‘rganadi, muloqot qiladi, yangilik qidiradi, do‘st orttiradi. Biroq, virtual olamning eshigi ochiq bo‘lgani kabi, uning xavflari ham eshik qoqmay kiradi. Eng tashvishlisi, bola nima foydali-yu, nima zararli ekanini ajrata olmaydi.

«Shu bois, bolani internetdan himoya qilish masalasi faqatgina ota-onaning yoki maktabning emas, davlat, OAV, axborot tarqatuvchilar, platformalar va jamiyatning ham birgalikdagi mas’uliyatidir. Bola internetga kiradi, ammo, internet bolaning dunyosiga kirmasin. Buning uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak», — deydi Nigora Xodjayeva.

Nukus shahrida o‘tkazilgan «Axborot makonidan milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari» mavzusidagi hududlararo o‘quv-seminarda, aynan, shu masala o‘rtaga tashlandi. Unda mahalliy hokimliklar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlik sohasi va tegishli tashkilotlardan 200 nafardan ortiq vakillar ishtirok etdi. Xorazm va Buxoro viloyatlari mutaxassislari esa muloqotga onlayn tarzda ulandi.

Seminarda keltirilgan monitoring natijalari masalaning ko‘lami haqida jiddiy o‘ylashga undaydi. Bildirilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlar bilan bog‘liq 3 159 ta holat qayd etilgan. «UZ» domenidagi 915 ta saytda 1 854 ta qonunbuzilish aniqlangan. Ularning asosiy qismi qimor, nojo‘ya materiallar, tamaki va alkogol mahsulotlari reklamasi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, internet resurslari, teleradiokanallar va bosma nashrlarda yana 1 400 ta holatda belgilangan qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan. Bu raqamlarni shunchaki statistika sifatida qabul qilish qiyin. Chunki har bir raqam ortida muayyan auditoriya bor. Ularning ichida esa hali hayot haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lmagan, ko‘rganini haqiqat deb qabul qilishi mumkin bo‘lgan bolalar ham bor.

Bu esa xavf endi faqat ko‘chada emas, ichkarida ekanini ham anglatadi. Avval ota-ona farzandi kim bilan do‘stlashgani, qayerga borgani va ko‘chada kimlar bilan yurganiga e’tibor qilardi. Bugun esa yana bir savol paydo bo‘ldi: «Farzandimiz internetda kim bilan «do‘st»? Uning telefoni ekrani ortida kim bor? U qanday kontent ko‘ryapti? Qanday videolarni tomosha qilyapti? Qaysi kanallarga obuna? Kimning fikriga ergashyapti? Ana shunday uzluksiz savollar qiynamoqda ota-onalarni. Kiberbulling, turli tavakkalchiliklarga asoslangan o‘yinlar, giyohvandlik va behayolik targ‘iboti kabi xavflar bola uchun virtual muhitni ham nazoratsiz qoldirib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Ammo shu o‘rinda bolani internetdan butunlay uzib qo‘yish muammo yechimi emasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Asosiy vazifa internetni yopish emas, bolaga undan xavfsiz foydalanishni o‘rgatishdan iborat bo‘lishi kerak.

Bugun axborot tarqatish uchun katta tahririyat yoki telestudiya shart emas. Bir telefonning o‘zi kichik mediamaydon sifatini o‘tay oladi. Shu bois kontent yaratuvchi o‘zining bir videosi, posti yoki bir reklamasi kimlarga va qanday auditoriyaga yetib borishini ham o‘ylashi kerak. O‘quv-seminarda axborot mahsulotlarini yosh toifalarga ko‘ra, to‘g‘ri tasniflash, ekspertizadan o‘tkazish va OAVni ro‘yxatga olish tartiblari yuzasidan amaliy tavsiyalari berildi.

«Axborot erkinligi «Men uchun hamma narsa mumkin» degan tushuncha emas. Jurnalist ham, bloger ham, noshir ham, reklama tarqatuvchi ham auditoriya oldida birdek mas’ul. Ayniqsa, bolalar auditoriyasi haqida gap ketganda, bu mas’uliyat yanada ortishi kerak», — deya so‘zida davom etdi bo‘lim boshlig‘i.

O‘quv-seminarda e’tibor qaratilgan muhim jihatlardan biri muammoni faqat jazolash orqali emas, balki, uning oldini olish zarurligi bo‘ldi. Zamonaviy IT-yechimlar, raqamli monitoring, xavfli kontentni aniqlash mexanizmlari, axborot tarqatuvchilarning huquqiy savodxonligi — bularning barchasi bolalar xavfsizligining muhim vositalaridir. Biroq texnologiyaning o‘zi yetarli emas. Eng kuchli «filtr» bolaning o‘zida shakllangan tanqidiy qarash. U qaysi axborotga ishonish, nimani qabul qilmaslik, shubhali havolani ochmaslik, notanish inson bilan muloqotda ehtiyot bo‘lish kerakligini anglashi lozim. Bu esa bir kunda shakllanmaydi.

Nukusda bo‘lib o‘tgan hududlararo o‘quv-seminar bolalarni zararli axborotdan himoya qilish faqat internetdagi qonuniy qontentni aniqlashdan iborat emasligini yana bir bor namoyon etdi. Bu borada OAV va davlat organlari hamkorligini kuchaytirish, ota-onalarning raqamli savodxonligi asosiy omil ekanini ko‘rsatdi.

Bir so‘z bilan aytganda, har birimiz bolani bu olamdan asrashimiz kerak. Lekin bu uni internet olamidan uzish yoki cheklash bilan emas, virtual olamni  to‘g‘ri anglaydigan,  axborotni saralay oladigan darajaga yetkazish orqali amalga oshadi. Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish ularga taqiqdan ko‘ra, to‘g‘ri tushunish, ishonch va mediasavodxonlik berish asosiy vazifamizga aylanishi lozim.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring