Daniyada dunyodagi eng kuchli kvant kompyuter quriladi

Daniya dunyodagi eng kuchli kvant kompyuterni yaratish rejasini e’lon qildi. QuNorth deya nomlangan ushbu tashabbus Microsoft hamda Atom Computing (Kaliforniya) kompaniyalari ko‘magida amalga oshiriladi, deb xabar berdi Bundle.
Loyiha uchun Daniya eksport-investitsiya jamg‘armasi (EIFO) hamda Novo Nordisk jamg‘armasi 80 mln yevro ajratdi. QuNorth maqsadi — Skandinaviya mintaqasida xatolarni to‘g‘rilash o‘rnatilgan «ikkinchi darajali» (Level 2) kvant tizimini birinchi bo‘lib ishga tushirish.
Dasturiy ta’minotga Microsoft mas’ul — uning Azure Quantum stekidan foydalaniladi. Apparat qismlarini esa Atom Computing kompaniyasi yetkazadi, ularda «neytral atomlar» asosidagi ilg‘or texnologiya qo‘llanilgan.
Yaratiladigan «Magne» (afsonaviy Torning o‘g‘li nomi berilgan) tizimi taxminan 50 ta mantiqiy va 1200 dan ziyod fizik kubit bilan ishlay olishi kutilmoqda. Bu xususiyatlari bilan u shu paytgacha yaratilgan kvant kompyuterlar orasida «eng mukammal» degan nomga da’vo qilishi mumkin.
Bugungi kunda bir tizimda fizik kubitlar soni bo‘yicha rekord (1180) Atom Computing kompaniyasiga tegishli, uning raqobatchisi Quantinuum esa mantiqiy kubitlar bo‘yicha yetakchi (50). Shu paytgacha bu ikki jihatni bir tizimda hech kim jamlay olmagan. «Magne» loyihasi bu boradagi dadil urinish bo‘ladi.
Kvant texnologiyalari, ta’bir joiz bo‘lsa, hali rivojlanishning ibtidoiy bosqichida, ularning salohiyati juda ulkan — yangi dori-darmonlar yaratishdan tortib iqlimni modellashtirishgacha o‘ta murakkab amaliyotlarni bajarish mumkin.
«Magne» kompyuterini qurish 2025-yil kuzida boshlanib, 2026-2027-yillar chegarasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Tizim poytaxt Kopengagenda o‘rnatiladi va 100 foiz Daniya mulki hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter