Forbes sun’iy intellekt milliarderga aylantirgan kishilar ro‘yxatini tuzdi
Sun’iy intellekt (SI) bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar aksiyalarining qimmatlashuvi hamda bu sohaga sarmoyalarning ko‘payishi sababli yangi milliarderlar paydo bo‘ldi. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda milliarderlar ro‘yxatiga 9 nafar top-menejer qo‘shildi, hammasi sun’iy intellekt bilan bevosita va bilvosita shug‘ullanuvchilar.
1. Charlz Lyan, Super Micro Computer, $6,1 mlrd
Charlz Lyan Super Micro Computer asoschilaridan sanaladi, kompaniya IT-infratuzilmalar yaratadi. Kompaniyaga qarashli serverlar va tizimlardan SI va bulutli servislarga ixtisoslashgan kompaniyalar faol foydalanmoqda. 2023-moliyaviy yilda Super Micro Computer rekord — $7 mlrd daromad oldi, aksiyalari esa 1100 foizdan ko‘proq qimmatlashdi.
2. Kvak Don Shin, Hanmi Semiconductor, $2,9 mlrd
Kvak Don Shin 1980-yilda asos solingan Hanmi Semiconductor kompaniyasini boshqaradi. Kompaniya chiplar uchun butlovchi qismlar chiqaradi. Asosiy mijozlari — Samsung Electronics va SK Hynix kabi taniqli brendlar. SI sharofati bilan 2023-yilda Hanmi Semiconductor aksiyalari qiymati 560 foizga yaxshilandi.
3. Syunsaku Sagami, brokerlik faoliyati, $1,9 mlrd
Syunsaku Sagami — institut rahbari. Bu institut tadqiqotlari kompaniyalarning birikishi va sotib olinishini o‘rganishdan iborat. Institut salohiyatli xaridorlarni axtarishda sun’iy intellektdan foydalanadi. Sagami netvorkingchi — tadbirkor kichik va o‘rta biznes vakillari o‘rtasida vositachilik qiladi.
4. Ivan Chjao, Notion, $1,5 mlrd
Notion asoschilaridan biri va bosh direktori Ivan Chjao pullarini sun’iy intellektga tikib adashmadi. 2015-yilda hamma xodimlarini bo‘shatib yuborib, San-Fransiskodagi ofisini ijara (subarenda)ga berdi va Yaponiyaga ko‘chib o‘tdi. Forbes baholashicha, Notion kompaniyasi narxi $5 mlrd, Ivan Chjao boyligi $1,5 mlrdga yetgan.
5. Brett Adkok, Fig, $1,4 mlrd
Brett Adkok — Fig kompaniyasi asoschisi va rahbari. Fig sun’iy intellektga asoslangan «umumiy foydalanish uchun gumanoid» (odamsimon robot) yaratish bilan band. Adkok $2,6 mlrdga baholanayotgan kompaniyaning taxminan 50 foiz aksiyalariga egalik qiladi. 2024-yil fevralida Fig Jeff Bezos, Microsoft, Nvidia va OpenAIdan $675 mln sarmoya jalb qildi.
6. Liza Su, Advanced Micro Devices (AMD), $1,3 mlrd
Liza Su 2014-yilda rahbarlikka kelganidan buyon Advanced Micro Devices aksiyalari 60 karradan ko‘proq qimmatlashdi. Bejizga uni «mikrochiplar qirolichasi» deyishmaydi. Kompaniya SI sohasi uchun yarimo‘tkazgichlar chiqaradi.
7. Mishel Zatlin, Cloudflare, $1,2 mlrd
Cloudflare kompaniyasi amaliyotlar direktori Mishel Zatlin mijozlarni himoyalash va kibertahdidlarning oldini olish uchun sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Uning kompaniyasi dasturlash sohasi mutaxassislariga o‘z sun’iy intellekt modellarini yaratish uchun xavfsiz bulutli muhit taqdim etib kelmoqda. Cloudflare aksiyalari 2023-yilda 65 foiz qimmatlashdi, kompaniyaning atigi 2 foiz aksiyasiga ega Zatlin Forbes milliarderlari reytingiga kirdi.
8. Sem Altman, OpenAI, $1 mlrd
Sem Altman — OpenAI bosh direktori. 2022-yilda u ChatGPT chat-botini ishga tushirib, chin ma’noda sun’iy intellekt sohasida inqilob yasadi. Nega sun’iy intellekt sohasining eng taniqli kishisi soha milliarderlari orasida atigi 8-o‘rinda, degan savol tug‘iladi. Javobi shuki, Sem Altman $80 mlrddan qimmatroqqa baholanuvchi OpenAI kompaniyasining birontayam aksiyasiga ega emas.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Altman $1 mlrdni 2014-yildan 2019-yilgacha Y Combinator startapini boshqarib qo‘lga kiritgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, uning qo‘lida Reddit, Stripe hamda yadroviy sintez bilan shug‘ullanuvchi Helion startapi aksiyalari bor. TIME jurnali Sem Altmanni yil bosh direktori deya e’tirof etgandi.
9. Harvi Jons, Nvidia, $1 mlrd
Harvi Jons — sarmoyador va tadbirkor, Nvidia ta’sischilari kengashi a’zosi. Kompaniya aksiyalari eng yirik benefitsiarlaridan biridir. Uning boyligi ham $1 mlrd.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter