Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Instagram yanada yengillashdi — atigi 2 megabayt

Instagram yanada yengillashdi — atigi 2 megabayt

Foto: «iXBT.com»

Eng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar kuchsiz smartfonlar hamda internet tariflari birmuncha qimmat rivojlanayotgan bozorlar uchun yengillashtirilgan ilovalarini ishlab chiqishgan. Masalan, Facebook Lite, Messenger Lite va Twitter Lite — oddiy telefonlar uchun ajoyib yechimlar, chunki kam joy egallab, internetni ham kamroq «yeydi».

«Facebook» kompaniyasi yuqoridagi yengil ilovalar safini android-smartfonlarga mo‘ljallangan Instagram Lite ilovasi bilan to‘ldirdi. Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida Instagram servisining yengillashtirilgan ilovasi Google Play do‘konida yo‘qolib qolgandi. Keyin ma’lum qilinishicha, kompaniya dasturchilari shu paytgacha to‘plagan ma’lumotlari asosida Instagram Lite ilovasini yanada yengillatish ustida izlanishayotgan ekan.

Mana natijasi, yangi Instagram Lite — atigi 2 MB, asosiy ilovadagi Reels, Shopping va IGTV kabi funksiyalar bunda yo‘q, yanada tezroq ishlashi uchun shunday qilishgan.

Hozircha Instagram Lite faqat Hindiston uchun taqdim etilyapti: bir nechta mahalliy tillar — bengal, gujarat, hind, kannada, malayalam, marathi, panjob, tamil, telugu kabilar tatbiq etilgan.

Hindiston aksariyat texnologiyalar kompaniyalari uchun «poligon» ekani hech kimga sir emas: ulkan mamlakat, millionlab boy va kambag‘allar, rang-barang mentalitetlar. Hindistonda yangi ilovani hozirgacha 5 million marta ko‘chirib olishgan.

«Facebook» kompaniyasi hademay shu mitti va tezkor ilovasi boshqa mamlakatlar uchun ham ochilishini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring