«Josus» ijtimoiy tarmoqlar aniqlandi: YouTube, TikTok va boshqalar
YouTube va TikTok o‘z mobil ilovalaridan foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini boshqa ijtimoiy tarmoqlarga qaraganda ko‘proq to‘playdi. «URL Genius» kompaniyasi mutaxassislari shunday xulosaga kelishdi.
Tadqiqotda App Store do‘konining 20 toifadagi 200 ta ilovasi, ijtimoiy tarmoqlardan YouTube, TikTok, Twitter, Telegram, LinkedIn, Instagram, Facebook, Snapchat, Messenger va WhatsApp o‘rganildi. U yoki bu dasturning faolligi iOS funksiya (App Activity Recording) yordamida kuzatildi.
Eng faol ilovalar YouTube va TikTok bo‘lib chiqdi, ularning har biri bir yoqishda 14 tadan tashqi ulanishni amalga oshirdi. Bu ko‘rib chiqilgan boshqa ilovalar (o‘rtacha 6 tadan ulanish)ga nisbatan ikki baravar ko‘p. Facebook, WhatsApp, Snapchat va Messenger bu jihatdan eng past ko‘rsatkich (bittadan tashqi ulanish)ni namoyon etdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, YouTube dagi 14 ta trekerdan 10 tasi bevosita videoservisning o‘zi bilan bog‘langan. Bu shuni anglatadiki, platforma o‘z manfaatlari yo‘lida, masalan, keyinchalik relevant reklamani namoyish etish uchun foydalanuvchilarning geolokatsiyasi, ko‘rishlar tarixi va boshqa faolliklarini tinmay kuzatib boradi.
TikTok bilan vaziyat boshqacharoq. Ekspertlarga ko‘ra, qisqa videolarga ixtisoslashgan bu ijtimoiy tarmoq tashqi trekerlar (boshqa manbalar) uning foydalanuvchilari faolligini kuzatishiga ruxsat beradi, olingan ma’lumotlar qay maqsadlarga xizmat qilishi qorong‘u. TikTok da 14 treker (ulanish)ning 13 tasi boshqa manbalarniki bo‘lib, ilovaning sozlamalarida tegishli taqiqlov qo‘yilsa ham, kuzatish to‘xtamagan.
O‘tgan yili TikTok foydalanuvchilarning, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning shaxsiy ma’lumotlarini yig‘ish va ularni qo‘llash borasidagi noshaffof siyosati uchun ko‘p tanqidlarga uchragandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter