Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Karera markazlari, pandemiya davridagi ta’lim…» London Brunel universiteti magistranti bilan suhbat

«Karera markazlari, pandemiya davridagi ta’lim…» London Brunel universiteti magistranti bilan suhbat

Xabaringiz bor, 20-aprel kuni nufuzli Chevening dasturi stipendiyasi sovrindori sifatida London Brunel universitetida tahsil olayotgan Abbosbek Turabiddinov bilan suhbat e’lon qilingan edi. Bugun uning ikkinchi qismini havola qilamiz.

«Kuchli mutaxassislar butun respublika bo‘ylab yoyilmagan…»

Qimmatli qog‘ozlar bozori rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanib, birgina 2021-yilda AQSh hukumati fond bozori kapitallashuvining YaIM (Yalpi ichki mahsulot) solishtirma nisbati Buffet ko‘rsatkichiga ko‘ra 220% dan oshganligi va AQSh aholisining 50%dan ortig‘i fond bozoriga investitsiya kiritishini o‘zi mamlakatdagi moliyaviy savodxonlik darajasini ko‘rsatib bera oladi. Bu yuqori ko‘rsatkichlarning paydo bo‘lishida asosiy me’zon aholining moliyaviy savodxonligi va bo‘sh qolgan moliyaviy resurslarini to‘g‘ri va samarali usulda sarmoyaga yo‘naltirishi yotadi. O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori salohiyati yuqori bo‘lgan moliyaviy bozorlardan biri hisoblanadi. Biroq ushbu sohadagi asosiy muammolardan biri aholi yuqori qatlamining moliyaviy savodxonligi rivojlangan davlatlarnikidek havas qilarli darajada emas. Bu muammoning tezkor yechimi sifatida ushbu soha bo‘yicha yetarlicha tarjibaga ega bo‘lgan fuqarolarimizni aholi moliyaviy savodxonligini oshirish yo‘lida o‘z bugungi kunda ommabop bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy bloglarini yo‘lga qo‘yishi va ularda turli postlar va qisqa video shaklida asosiy tushunchalarni berib borishi lozim. Yuqori ko‘lamda bu kabi loyihalarni amalga oshirish uchun esa yirik telekanallar orqali moliyaviy tushunchalar, ayniqsa, investitsiya asoslarini o‘rgatadigan birlamchi dasturlarni ishlab chiqish va ularni kreativ usulda aholiga yetkazib borish zarur.

Hozirda aholi orasida moliyaviy savodxonlikni oshirish maqsadida o‘zim «Ibtido Fund» loyihasi ostida Youtube tarmog‘ida qimmatli qog‘ozlar bozoriga sarmoya qilishning boshlang‘ich bilimlarini taqdim etadigan bepul kurslarni joylashtirib bormoqdaman. Agar shu kabi o‘quv kurslari va moliyaviy savodxonlikni targ‘ib etuvchi dasturlar soni va dolzarbliligi shu yo‘sinda oshib borishda davom etsa, bizdan ham «Wall Street»dagi moliyaviy tahlilchilar kabi fikrlaydigan minglab insonlar yetishib chiqadi.

Shaxsiy fikrimcha, ikkinchi to‘siqlardan biri bu ushbu sohada kuchli mutaxassislarining butun respublika bo‘ylab yoyilmaganligidadir. Tan olish kerak, O‘zbekiston kapital bozorida yetuk soha mutaxassislari mavjud, ammo ularning ishlash ko‘lami mamlakatimizning barcha viloyatlariga ham yetib bormagan. Shularni inobatga olgan xolda, asosiy yechim sifatida fond bozorida faoliyat yuritayotgan moliyaviy tashkilotlar tomonidan talabalar uchun qisqa muddatli amaliyot dasturlarini tanlov asosida tashkil etish va yoshlar o‘rtasida virtual hisob raqam orqali qimmatli qog‘ozlarga sarmoya qilish musobaqalarini o‘tkazish mumkin. Bu saloyihati yuqori bo‘lgan yosh kadrlarni saralab olish imkoniyatini yaratish bilan birga, kapital bozoriga yangi kadrlar oqimining kelishi va moliyaviy startap g‘oyalarining yaratilishiga asos bo‘ladi.

«Bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi axborotlarni elektron pochta manzillarimizga yuborib turishadi…»

Savolingizdan kelib chiqib, Buyuk Britaniyaning ko‘proq ta’lim sohasiga doir bo‘lgan tajribalarni o‘rganish kerak deb o‘ylayman. Bu mamlakatimizda talabalarimizning mavjud o‘qishdan keyingi hayotdagi masalalarni yechishga yordam bergan bo‘lar edi.

Masalan, Buyuk Britaniyada e’tiborimni tortgan jihat barcha universitetlarda maxsus karera markazlari mavjud bo‘lib, ushbu markazlar talabalar bilan doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga erishgan. Jumladan, o‘zim tahsil olayotgan universitet karera markazi xodimlari har hafta bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi axborotlarni elektron pochta manzillarimizga yuborib turishadi va shu bilan birgalikda ishga joylashishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘rgatish maqsadida maxsus kurslarni tashkil etib kelishmoqda. Istalgan paytingiz karera markazi xodimlari bilan onlayn uchrashuvni markaz veb sahifasi orqali aniq sanasi va vaqtini belgilab, o‘sha muddat kelganida kerakli maslahatlarni va ekspert g‘oyalarini olishingiz mumkin. Ushbu tashabbus bizning mahalliy universitetlarda doimiy ravishda qo‘llanib kelishi talabalar orasida kuchli raqobatni yuzaga keltirishi va bu raqobat sabab korxonalar talabiga mos tushadigan xodimlar saralanish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, imtihonlar yaqinlashgan sayin ko‘plab talabalarda diqqatini jamlash uchun shovqinlardan yiroq bo‘lgan o‘quv maskanlariga talab oshadi. Shu jihatlarini inobatga olib ko‘plab universitetlarda 24 soat davomida faoliyat yurituvchi magistratura talabalari uchun maxsus binolar qad rostalagan. Ushbu binolar kunu tun talabalarning erkin ta’lim olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan. Binoda mavjud bo‘lgan xohlagan o‘quv xonasiga kirib darslaringizni davom ettirishingiz, do‘stlaringiz bilan jamoaviy ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishingiz mumkin. Agar ushbu imkoniyatlar ham mahalliy universitetlarimizda joriy etilsa, uzoq masofalardan o‘qishga qatnaydigan talabalar imtihon davrlarida o‘quv binosining o‘zida qolib ham xordiq chiqarishi va tayyorlanishi uchun imkon yaratilgan bo‘lar edi.

Hech shubhasiz, London shahri jahon moliyaviy markazi hisoblanishi barchaga ayon. Quvonarli jihati, Buyuk Britaniyadagi musulmonlar qatlamini e’tiborga olib, islom moliyasi ham ushbu maskanda yuqori o‘sish ko‘rsatkichlarida rivojlanib kelmoqda. Shariatga muvofiq bo‘lgan moliyaviy instrumentlarga talab oshib borganligi sababli, hozirda bir necha yangi startap tashkilotlari orqali kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlarini moliyalashtirish uchun crowdfunding (bir necha investorlarning mablag‘i tomonidan muayyan biznes g‘oyani moliyalashtirish) va P2P lending (bir shaxsni ikkinchi shaxs tomonidan moliyalashtirish) platformalari rivojlanib, kundan kunga rivojlanishda davom etmoqda. Ushbu korxonalarning analoglarini Buyuk Britaniya tajribasi orqali joriy etish moliyalashtirishga moyil bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini kengaytirishga va yangi mahsulot liniyalarini taqdim etishga asos bo‘lar edi.

 «Ijtimoiylashuv, yangi do‘stlar va hamfikrlar bilan tanishish jarayoniga juda sezilarli ta’sir qildi…»

Buyuk Britaniyada pandemiya davri uzoqroq davom etganligi sababli, o‘qish jarayonlari to‘liq onlayn ko‘rinishda o‘tkazilmoqda. Ushbu onlayn ta’lim tizimining o‘ziga yarasha afzallik va kamchiliklarini kuzatib quyidagi xulosalarni ayta olaman:

Salbiy jihatlari:

Onlayn darslarning asosiy muammosi sifatida ustoz-shogird an’analari asosida yuzma-yuz o‘qitish, savol-javoblar va munozaralarga boy bo‘lgan muhitning yetishmovchiligini ko‘rsatgan bo‘lar edim. Bundan tashqari, onlayn darslar shaxsiy qurilma vositasida kuzatib borilgandan so‘ng, dars mobaynida boshqa jarayonlarga chalg‘ish xolatlari ham kuzatildi. Xususan, ko‘p talabalarda darsda qatnashayotganligi ularning onlayn darsda qayd etilganini ko‘rishingiz mumkin, aslida esa ekran ortida o‘sha shaxs bo‘lmasligi, ba’zi hollarda esa diqqatini boshqa oynaga qaratgan bo‘lishi ham mumkin. O‘qish jarayonlarining ajralmas qismi bo‘lmish ijtimoiylashuv, yangi do‘stlar va hamfikrlar bilan tanishish jarayoniga juda sezilarli ta’sir qildi. Butun o‘qish davomining katta qismini lokdounda o‘tkazganligimiz tufayli ijtimoiylashuvga ruxsat etilmadi va buni, menimcha, yana salbiy jihatlaridan biri sifatida qarayman.

Ijobiy jihatlari:

Hayotim davomida birinchi bor turli metodlarga tayangan onlayn imtihonlarda ishtirok etish va ularni muvaffaqiyatli topshirish ko‘nikmalarini shakllantirdim. Bundan tashqari, darslar onlayn tarzda o‘tganligi sababli ko‘plab darslarni yashash hududimdagi sport maydonida badantarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish davomida qatnashish imkonini berdi, shu orqali bir o‘q bilan ikki quyonni urishga muvaffaq bo‘ldim. Yana bir ijobiy tomonlaridan biri bu har bir onlayn darslarning yozib olinishi va kelgusida imtihonlarga tayyorlanish yoxud takrorlash kerak bo‘lgan qismlarini qayta yozib olingan darslarni ko‘rish orqali mustahkamlash imkonini yaratib berdi. Hozirda aynan yozib olingan darslar sababli yakuniy imtihonlarga tayyorlanish sifati va samaralilik darajasi oshib bormoqda.

Toshkentni Markaziy Osiyo moliyaviy markaziga aylanishida hissa qo‘shmoqchiman

Ilmiy ishimni yakunlaganimdan so‘ng yil oxirlarida O‘zbekistonga qaytishni maqsad qilganman. Avvalambor, «Moliyaviy intellekt» o‘quv qo‘llanmasini soha ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqib, uni O‘zbekistondagi o‘quv dargohlariga joriy etish asosiy rejalarimdan biriga qo‘yganman. Bundan tashqari, mamlakatimizda muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarga xalqaro institutsional investorlarning diqqatini jalb etish va korxona aksiyalarining jozibadorligini oshirish maqsadida ESG (Environmental, Social, Governance – atrofit-muhit, jamiyat, boshqaruv) faktorlariga asoslangan kunlik tahlillarni o‘zida jamlagan platformani taqdim etish ham birinchi 3 oydagi rejalarimdan biri hisoblanadi. Yuqorida ta’kidlab o‘tgan rejalarni amalga oshirish orqali Toshkentni Markaziy Osiyoning moliyaviy markaziga aylanishida o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring