Mobil internet yanada tezroq: Beeline Uzbekistan aloqa sifatini oshirish uchun innovatsion texnologiyalarni joriy etmoqda

VEON Group tarkibiga kiruvchi Beeline Uzbekistan mamlakat bo‘ylab tarmoqni faol rivojlantirishda va mobil aloqa sifatini yaxshilashda davom etmoqda. Kompaniya ilg‘or Triple Band Massive MIMO 32T32R uskunasini qo‘llagan holda pilot loyihani ishga tushirdi va 2025 yil boshidan amalga oshirilgan tarmoq modernizatsiyasi yakunlarini e’lon qildi.
GSMA-forumi arafasida Beeline Uzbekistan Triple Band Massive MIMO 32T32R RAN uskunasi asosidagi pilot loyihani ishga tushirdi. O‘zbekiston telekom bozorida noyob bo‘lgan ushbu yechim bir vaqtning o‘zida uch xil chastota diapazonida LTE tarmog‘ini ishga tushirish imkonini beradi. Texnologiya mavjud 4G/LTE tarmog‘i hamda istiqbolli 5G formatlari uchun mos keladi.
Loyihaning asosiy xususiyati — bu zamonaviy Massive MIMO 32T32R (Multiple Input Multiple Output) uskunasidan foydalanishidir. U ma’lumotlarni uzatishda 32 ta uzatish va 32 ta qabul qilish kanallaridan iborat bo‘lib, tarmoq o‘tkazuvchanligini bir necha barobar oshiradi va yuqori yuklama sharoitida — masalan, aholi zich joylashgan hududlar yoki ommaviy yig‘inlar paytida — signal sifatini yaxshilaydi.
Loyihaning amalga oshirilishi ko‘proq foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish va tarmoq yuklamasini samarali taqsimlash imkonini beradi, bu esa baza stansiyasi (BS) sig‘imi va qamrov doirasining sezilarli darajada kengayishiga olib keladi.
Tarmoqni kengaytirish va yangi texnologiyalarni joriy etish doirasida O‘zbekistonning o‘n bitta viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida baza stansiyalarini o‘rnatish ishlari bajarildi. Eng ko‘p qurilmalar Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida ishga tushirildi. Umuman olganda, 2025 yil oxirigacha Beeline Uzbekistan tarmog‘i 350 dan ortiq yangi BS bilan boyitiladi.
Shu bilan bir vaqtda, kompaniya avval o‘rnatilgan baza stansiyalarida tarmoq sig‘imi va ma’lumotlar uzatish tezligini oshirish orqali infratuzilmani keng ko‘lamli modernizatsiya qilmoqda. 2025 yilda ushbu loyiha 400 dan ortiq BS’ni qamrab oladi. Rejalashtirilgan ishlar yakunlangan hududlarda bir foydalanuvchiga to‘g‘ri keladigan mobil internetning o‘rtacha tezligi 67,4 % oshdi. Eng yuqori yuklama soatlarida kirish tezligi 36,3% foizga ko‘tarildi. Modernizatsiya loyihasi doirasidagi ishlar hajmi bo‘yicha Farg‘ona viloyati yetakchilik qilmoqda - bu yerda yil boshidan beri 100 dan ortiq BS yangilandi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri va Toshkent viloyati (50 dan ortiq BS) hamda Andijon viloyati (30 ga yaqin BS) turibdi.
«Biz uchun tarmoqning barqaror ishlashi bilan bir qatorda, foydalanuvchilarimizga real qiymat beradigan innovatsiyalarni joriy etish ham juda muhim. Yangi texnologiyalar O‘zbekistonning har qanday hududida aloqani tezroq, qulayroq va sifatliroq qilish imkonini beradi. Infratuzilmaga sarmoya kiritish va yangi texnologiyalarni joriy etish strategiyamizning asosini tashkil etadi. Mijozlarimizga ishonchli aloqa, yuqori tezlik va sifatli raqamli tajribani ta’minlash maqsadida kelajak tarmog‘ini qurishni davom ettiramiz», - deya ta’kidladi Beeline Uzbekistan texnologiyalar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor Gediz Sezgin.
Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish, mintaqaning raqamli transformatsiyasi hamda telekommunikatsiya sohasining imkoniyatlarini kengaytirish — 2025 yil 21–22 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan GSMA M360 Eurasia forumining markaziy mavzularidan bo‘ladi.
Hukumat vakillari, tadbirkorlar va soha mutaxassislari uchun M360 Eurasia 2025 forumiga ro‘yxatdan o‘tish havola orqali ochiq.
GSMA haqida
GSMA — bu mobil ekotizimni birlashtiradigan global tashkilot bo‘lib, innovatsiyalarni topish, rivojlantirish va joriy etish uchun ishlaydi, bu esa samarali biznes muhitlari va ijtimoiy o‘zgarishlarni yaratishga asos bo‘ladi. Bizning maqsadimiz odamlar, sanoat va jamiyat farovonligi uchun aloqaning butun kuchini ochib berishdan iborat. GSMA mobil operatorlarini, mobil ekotizim tashkilotlarini va unga yaqin sohalarni namoyish etadi va o‘z faoliyatini uchta asosiy yo‘nalishda amalga oshiradi: «Yaxshilik uchun aloqa», «Tarmoq xizmatlari va yechimlari» va «Ma’rifiy faoliyat». Ushbu faoliyat ijtimoiy muammolarni hal qilishga yordam beradigan tartibga solishni ilgari surish, mobil sohaning ishlashini ta’minlaydigan texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mobil ekosistemani MWC va M360 seriyasidagi tadbirlarda birlashtirish uchun dunyodagi eng yirik platformani taqdim etishni o‘z ichiga oladi.
Beeline Uzbekistan haqida
«Unitel» MChJ 2006 yilning 12 sentyabridan boshlab «Beeline Uzbekistan» savdo belgisi ostida xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda. Beeline Uzbekistan bosh qarorgohi Dubay shahrida joylashgan VEON xalqaro telekommunikatsiya xoldingi tarkibiga kiradi. 2024 va 2025 yillarda «Top Employer» maqomiga ega bo‘ldi.
VEON 6 mamlakatda 160 milliondan ortiq foydalanuvchilarga ega global telekommunikatsiya va internet xizmatlarining provayderi. Uning aksiyalari NASDAQ fond bozorida joylashtirilgan.
Beeline Uzbekistan’da 1.9 mingga yaqin xodim ishlaydi. 2006 yildan buyon O‘zbekiston bozoriga kirishi bilan VEON mamlakat telekommunikatsiya sohasiga 1.4 milliard AQSh dollaridan ortiq sarmoya kiritdi. Beeline SB’ning O‘zbekistondagi faoliyati davomida 2 milliard dollarga yaqin soliq to‘langan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter