Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda dasturchilik olamiga sayohat yoki katta marralar orzusi (video)

Namanganda dasturchilik olamiga sayohat yoki katta marralar orzusi (video)

Фото: «Xabar.uz»

Avval xabar qilganimizdek, 1-dekabrdan mamlakatimiz bo‘ylab informatika fani o‘qituvchilarining S++ dasturlash tili bo‘yicha malakasini oshirish darslari tashkil etilgan. «Xabar.uz» malaka oshirish kurslarini kuzatish maqsadida navbatdagi manzil — Namangan viloyatida bo‘ldi.

Muxbirlarimiz viloyatning Namangan shahri, Kosonsoy, Chortoq hamda Norin tumanlaridagi dars jarayonlari bilan tanishdi.

«S++ boshqa dasturlash tillariga qaraganda tayyor funksiyalar yoki operatorlarni ishlatmasdan  algoritmni  to‘laqonli ishlatib ko‘rish imkonini beradi. Dasturlash tili bo‘yicha qo‘shimcha darslar orqali ustozlar malakasini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Sababi, ular o‘tayotgan darslari orqali kelajakda jahon olimpiadalari qatnashchilarini yetishtiradilar. O‘ylaymanki, kelajakda Namangandan ham Xalqaro Informatika olimpiadalari g‘oliblari chiqadi. Viloyatimizda bugungi kunda Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan kurslarda BePro IT Academy tomonidan taqdim etilgan 13 nafar trenerlar dars berib kelmoqda», — deya ta’kidlaydi IT School  Kosonsoy filialida o‘qituvchilarga trenerlik qilayotgan Hasanov Saidjalol.

Bundan tashqari parallel ravishda informatika o‘qituvchilari Scrach dasturlash tili bo‘yicha o‘qitib kelinmoqda. Ular oldiga asosan tarbiyaviy o‘yinlar yaratish, shu orqali o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishni maqsad qilib qo‘yilgan.

Scrach - bu asosan kodni o‘rganishda yordam beradigan 8-16 yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan blokli vizual dasturlash tili. Xizmat MIT Media Lab tomonidan ishlab chiqilgan, 70 dan ortiq tillarga tarjima qilingan va dunyoning aksariyat qismlarida qo‘llaniladi. Scrach maktabdan keyingi markazlarda, maktablarda va kollejlarda o‘qitiladi va qo‘llaniladi. 

Scrach qiziqarli va dasturlashni  o‘rganish oson bo‘lishi uchun yaratilgan. Unda bloklarga asoslangan dasturlash yordamida interaktiv hikoyalar, o‘yinlar, badiiy, simulyasiya va boshqalarni yaratish uchun vositalar mavjud. Scrachda o‘zining bo‘yoq muharriri va ovoz muharriri o‘rnatilgan.

«Namangan viloyati bo‘yicha 195 nafar o‘qituvchini S++, yana 195 nafarini Scrach tilidan o‘qityapmiz.  13 nafar S++ trenerlarini BePro IT Acadeemy bergan. Scrach bo‘yicha o‘qituvchilarimiz Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘qitilib, sertifikatlar topshirilgan. Viloyatda informatikaga ihtisoslashtirilgan maktablarimiz ko‘p, joriy yil yakuniga qadar yana 6 ta xuddi shunday maktabni ishga tushiramiz. O‘quvchilarimiz ham  IT bo‘yicha ancha ilg‘or. Chortoq tumanimizdagi  o‘quvchilar o‘zlari yaratgan aqlli shahar dasturi orqali respublika tanlovida qatnashib sovrinli o‘rin olishdi. Qolaversa, ushbu maktabda ular amaliy ravishda kichik robotlar ham yasashgan», —deydi biz bilan suhbatda Namangan viloyati AKT bo‘limi boshlig‘i Abbosxon Usmonov.

C++ 1980 yillar boshida Bjarne Stroustrup tomonidan C tiliga asoslangan tarzda tuzildi. C++ juda ko‘p qo‘shimchalarni o‘z ichiga olgan, lekin eng asosiysi u ob’yektlar bilan dasturlashga imkon beradi.

C++ dasturlash tillari juda takomillashib, tobora ommalashib bormoqda. Mazkur tillardagi vositalar zamonaviy kompyuter texnologiyasining hamma talablarini o‘z ichiga olgan va unda dastur tuzuvchi uchun ko‘pgina qulayliklar yaratilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring