Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda axborot xavfsizligi konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda

O‘zbekistonda axborot xavfsizligi konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda

Foto: «Integral»

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining axborot xavfsizligi konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Unda kiberxavfsizlikka qarshi kurashish sohasidagi strategik vazifalar va konseptual yo‘nalishlar belgilanadi. Bu haqida «O‘zA» xabar berdi.

Vazirlikdan ma’lum qilishlaricha, konsepsiya loyihasida axborot xavfsizligiga asosiy tahdidlar belgilangan bo‘lib, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan amaliy chora-tadbirlarga e’tibor kuchaytirilmoqda. Loyihada axborot makoni imkoniyatlaridan foydalanishning yangi tamoyillariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Konsepsiyada axborot xavfsizligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, internet tarmog‘idan foydalanishda fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish tamoyillariga asoslangan axborot makonidagi milliy manfaatlar o‘z aksini topadi.

Yaratilayotgan konsepsiya axborot xavfsizligi sohasida davlat siyosatining strategik vazifalarini belgilab beruvchi va muvofiqlashtiruvchi muhim hujjat hisoblanadi. U o‘zaro axborot hamkorligi uchun xavfsiz muhitni shakllantirish hamda axborot, kommunikatsiya va texnologiya tizimlarining milliy axborot makonida barqaror ishlashini, ulardan shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida xavfsiz foydalanishni rag‘batlantiradi. Buning uchun nafaqat mavjud tahdidlarga qarshi kurashish, balki mamlakatimizga qarshi dushmanlik va buzg‘unchilik harakatlarini amalga oshirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish xavfini kamaytirishga yo‘naltirilgan milliy axborot xavfsizligi tizimini rivojlantirish va takomillashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Mazkur tizimni shakllantirishda davlat organlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining faol ishtiroki kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring