Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident IT-Parkning yangi binosiga bordi (foto)

Prezident IT-Parkning yangi binosiga bordi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida qurilgan yangi binolarni borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbari mazkur majmua qurilishiga 2019-yil 20-noyabrda tamal toshi qo‘ygan, o‘tgan yili dekabrda bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan edi. Bugungi kunda 20, 22, 25 qavatli binolar va konferensiya zali qurib bitkazildi.

Mamlakatimizda axborot texnologiyalari rivojiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. So‘nggi besh yilda sohaga 2 milliard dollar, shu jumladan, 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirildi. Barcha hududlarda IT-parklar ochilib, ular uchun alohida soliq rejimi joriy etildi. Bu orqali 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, sohada o‘zini o‘zi band qilgan mutaxassislar soni 43 ming nafarga yetdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy IT kompaniya tashkil etildi, eksportyor korxonalar soni esa 2 barobarga oshdi.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki bu borada yetakchi. U birinchi bo‘lib ikki qavatli binoda ochilgan edi. Bugungi kunda osmono‘par, muhtasham majmuaga aylandi.

Ushbu IT-parkning rezidentlari, xizmatlar turi ham ko‘payib bormoqda. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan 53 million dollarlik xizmatlar eksport qilingan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 100 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari «Aloqabank» va «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi binolaridagi sharoitlarni kirib ko‘rdi. Ularning pastki qavatlarida mijozlarga xizmat ko‘rsatish ofisi joylashgan. Yuqori qavatlar IT korxonalar uchun mo‘ljallangan. Yerto‘la qismida 3 ming avtomobilga mo‘ljallangan 3 qavatli turargoh ham bor.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

IT-parkda qurilish 2 bosqichda olib borilmoqda. Bu yerda jami 17 ta imorat barpo etiladi. Sohadagi tashkilotlar, universitet, kovorking markazi o‘zaro uzviy faoliyat olib boradi. Majmua hududida xizmat uylari, mehmonxona, kafe va restoranlar, do‘konlar, sport maydoni, dam olish joylari ham bo‘ladi.

Shu yerda «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik kompaniyasida joriy etilgan avtomatik hisoblash tizimi, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining elektron tizimlarini yanada takomillashtirish loyihasi haqida ma’lumot berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring