Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori: Pochta bo‘limlarida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi

Prezident qarori: Pochta bo‘limlarida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi

Foto: O‘zbekiston pochtasi

«Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori imzolandi.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizning pochta aloqasi milliy operatori sifatida respublika miqyosida 2 mingga yaqin pochta aloqasi ob’yektiga ega bo‘lib, barcha aholi punktlarini qamrab olgan.

Shu bilan birga, Milliy operator tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha yetarlicha choralar ko‘rilmaganligi oqibatida Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida O‘zbekiston 93-o‘rinda qolmoqda.

Qaror bilan pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish faoliyatini to‘liq avtomatlashtirish orqali Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish maqsadida pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi:

a) xat-xabar tashish va kurerlik xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha:

  • pochta va kurerlik xizmatlarini taqdim etish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda «yakuniy manzil» xizmatini joriy etish;
  • pochta aloqasining an’anaviy xizmatlarini takomillashtirish, ularni raqamlashtirish, jo‘natmalarni qabul qilish, kuzatib borish va yetkazish jarayonlariga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish orqali aholi, biznes va davlat idoralariga zamonaviy xizmatlarni taqdim etish;
  • «Gibrid pochta» jo‘natmalarini qabul qilish va yetkazib berish xizmatlari sonini 2 barobarga oshirish;

b) elektron tijorat bozoridagi faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha:

  • mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi elektron savdo maydonchasi axborot tizimini yaratish;
  • logistika markazlarini tashkil etish, tovarlarni saqlash va yetkazib berishni o‘z ichiga olgan xizmatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;

v) xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha:

  • pochta aloqasi ob’yektlari orqali to‘lovlarni onlayn rejimda qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimini modernizatsiyalash va uning mobil ilovasini ishlab chiqish;
  • respublikaning kamida 1 000 ta pochta bo‘limida, ayniqsa, olis va chekka hududlarda moliyaviy xizmatlar turlarini, xususan, aholidan to‘lovlar qabul qilishni ikki barobarga kengaytirish hamda autsorsing asosida bank xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish;
  • olis va chekka hududlardagi pochta bo‘limida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish;
  • pochta aloqasi sohasida joriy etilayotgan yangi xizmat turlarini inobatga olgan holda Milliy operator tizimida faoliyat yurituvchi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

Shuningdek, 2021–2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida pochta aloqasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Milliy operator Adliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 apreldan boshlab olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi ob’yektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etilishini ta’minlaydi.

Bunda, pochta aloqasi xizmati haqi ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlari va barcha turdagi to‘lovlar summasining 10 foizi miqdorida belgilanadi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan mablag‘larning o‘ziga yo‘naltiriladigan qismi hisobidan to‘lab beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring