Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 15-avgustdan DVB-T to‘xtatiladi. Eski tyuner va televizorlarga nima bo‘ladi?

O‘zbekistonda 15-avgustdan DVB-T to‘xtatiladi. Eski tyuner va televizorlarga nima bo‘ladi?

Foto: «Twitter»

Mamlakatimizda 2019-yil 15-avgustidan davlat teledasturlari raqamli televideniye dasturlarini DVB-T standartida efirga uzatish to‘xtatiladi. Bu haqda «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUK «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va hukumat qarorlari asosida «O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish» investitsiya loyihasi amalga oshirilib, bugungi kunda mamlakatimizning barcha aholisi to‘liq raqamli televideniye dasturlari qamrovi bilan ta’minlangan.

O‘zbekistonda yer usti raqamli televideniyesining Yevropa standarti — DVB-T qabul qilingan.

DVB-T (DVB — inglizcha Digital Video Broadcasting — raqamli video uzatish; T/T2 — inglizcha Terrestrial — yer usti) — raqamli videodasturlarni efir (yer usti) orqali uzatish standarti.

Mamlakatimizda raqamli televideniyega o‘tishning ilk davrlarida — 2008-yildan boshlab DVB-T standarti qo‘llanilgan edi. O‘sha davrda dunyoda raqamli televideniyening DVB-T standarti mavjud bo‘lib, ko‘p mamlakatlar ushbu standartni joriy etishgan. Yillar davomida televideniye rivojlanib, raqamli televideniyening DVB-T standarti takomillashtirilib, DVB-T2 standarti yaratilishi bilan mamlakatimizda ham ushbu standartdagi teleuzatgichlar o‘rnatila boshladi.

Investitsiya loyihalari doirasida respublikamizda DVB-T2 standartidagi raqamli teleuzatgichlar o‘rnatilib, bugungi kunda uzatilayotgan teledasturlar soni 18-19 tagacha yetkazildi.

DVB-T2 standarti nimasi bilan DVB-T dan ustun?

Yangi standart (DVB-T2)ning eski standartdan (DVB-T) asosiy afzalliklari — signalning xalaqitbardoshliligi va uzatiladigan kanallar sonini 18-19 tagacha yetkazish mumkinligidir.

2017-yildan bugungi kunga qadar respublikamizda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi teledasturlari («O‘zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport», «Navo», «Dunyo bo‘ylab», «Madaniyat va ma’rifat», «Bolajon», «Kinoteatr», «Oilaviy», «Mahalla», «O‘zbekiston 24») 2 ta standartda, ya’ni ham DVB-T va ham DVB-T2 standartlarida parallel ravishda uzatib kelinmoqda. Turgan gapki, telekanallarning bir-birini takrorlashi ortiqcha resurs va sarf-xarajatlarga olib kelayotgandi.

Raqamli tizimda uzatilayotgan teledasturlarni optimizatsiya qilish, kelgusida uzatiladigan telekanallar sonini yanada oshirish uchun texnik imkoniyatlar yaratish maqsadida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublikamizning viloyat markazlarida raqamli televideniyening eski DVB-T standartida uzatib berilayotgan 12 ta teledasturi efirini 2019-yilning 15-avgustidan to‘liq to‘xtatish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 15-avgustidan quyidagi stansiyalardagi DVB-T standartida ishlovchi uzatgichlar o‘chiriladi:

  • Andijon viloyatidagi Andijon radiotelevizion stansiyasida 39 TVK (televizion kanal) chastotada ishlovchi;
  • Farg‘ona viloyatidagi Qo‘qon radiotelevizion stansiyasida 40 TVK chastotada ishlovchi;
  • Toshkent viloyatidagi Angren radiotelevizion stansiyasida 44 TVK chastotada ishlovchi;
  • Toshkent viloyatidagi Bekobod radiotelevizion stansiyasida 27 TVK chastotada ishlovchi;
  • Toshkent viloyatidagi Shougaz radiotelevizion stansiyasida 35 TVK chastotada ishlovchi;
  • Sirdaryo viloyatidagi Guliston radiotelevizion stansiyasida 32 TVK chastotada ishlovchi;
  • Jizzax viloyatidagi Qo‘ytosh radiotelevizion stansiyasida 45 TVK chastotada ishlovchi;
  • Samarqand viloyatidagi Cho‘ponota radiotelevizion stansiyasida 31 TVK chastotada ishlovchi;
  • Navoiy viloyatidagi Langar radiotelevizion stansiyasida 30 TVK chastotada ishlovchi;
  • Xorazm viloyatidagi Urganch radiotelevizion stansiyasida 34 TVK chastotada ishlovchi;
  • Buxoro viloyatidagi Buxoro radiotelevizion stansiyasida 47 TVK chastotada ishlovchi;
  • Qashqadaryo viloyatidagi Odamtosh radiotelevizion stansiyasida 47 TVK chastotada ishlovchi;
  • Surxondaryo viloyatidagi Vaxshivor radiotelevizion stansiyasida 47 TVK chastotada ishlovchi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Nukus radiotelevizion stansiyasida 48 TVK chastotada ishlovchi

uzatgichlar o‘chiriladi hamda bosqichma-bosqich DVB-T2 standartiga o‘tkaziladi.

2019-yil 15-avgustidan so‘ng, MTRK teledasturlarini raqamli televideniyening DVB-T2 standartida ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Eski (DVB-T) standartdagi tyuner va televizorlar ishlaydimi?

Avvalo aytish kerakki, DVB-T2 standartida uzatilayotgan teledasturlarni eski — DVB-T standartidagi raqamli signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizor va tyuner qurilmalari qabul qila olmaydi.

Hozir nodavlat («Mening Yurtim», «Milliy TV», «Uzreport TV», «Zo‘r TV», «Futbol TV», «Sevimli TV») telekanallari dasturlari O‘zbekiston hududlariga DVB-T2 standartida uzatilmoqda. Agarda televizoringiz ushbu nodavlat telekanallarini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bilinki, sizda DVB-T2 standarti ishlayapti. Kelgusida ishga tushiriladigan yangi telekanallar ham DVB-T2 standartida uzatib beriladi.

Teletomoshabinlar diqqatiga!

Shu sababli, DVB-T standartida uzatilayotgan raqamli teledasturlarni ko‘rib kelayotgan yurtdoshlarimiz DVB-T2 standartini qo‘llovchi qurilmalarni (tyuner yoki zamonaviy rusumdagi televizor) o‘rnatishlari lozim bo‘ladi. Shundan so‘nggina yangidan-yangi ishga tushirilayotgan telekanallarni tomosha qilishingiz mumkin. Eski avlod televizorlari yoki DVB-T standartidagi signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizordan foydalanuvchilar DVB-T2 standartidagi raqamli tyuner qurilmasini ulagan holda qo‘shimcha telekanallarni ko‘rishlari mumkin.

Tavsiya: Yangi televizor xarid qilayotganda, ushbu televizorda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e’tibor qarating! Mahsulotning texnik tavsifida bu haqda batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.

Eski rusumdagi televizorlardan foydalanuvchilar televizorga DVB-T2 standartidagi raqamli telesignallarni qabul qiluvchi tyuner va standart antennani o‘rnatgan holda raqamli teledasturlarni ko‘rishlari mumkin.

Diqqat, yangilik!

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qaroriga asosan, 2019-yilning 1-sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining yangi «O‘zbekiston tarixi» telekanali dasturlari efirga uzatila boshlanadi. «O‘zbekiston tarixi» telekanali dasturlari yuqori sifatli HD formatida hududlarga DVB-T standarti orqali uzatilishi yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik ushbu DVB-T standartida ishlovchi teleuzatgichlar modernizatsiya qilinib, bosqichma-bosqich DVB-T2 standartiga o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring