Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarali to‘rt kun – AKT vazirligi Ishchi guruhi Andijonda bo‘ldi (foto)

Samarali to‘rt kun – AKT vazirligi Ishchi guruhi Andijonda bo‘ldi (foto)

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 15-18 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi Ishchi guruh Andijon viloyatida xizmat safarida bo‘lganligi haqida xabar bergandik.

Safar davomida viloyatdagi soha korxona, tashkilot va muassasalari tarkibiy bo‘linmalari faoliyati bilan yaqindan tanishilib, muammoli masalalarni joyida hal etishga ham katta e’tibor qaratildi.

Tashrifning dastlabki kuni «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUKning Andijon radiotelevideniye uzatish markazi faoliyati o‘rganilgan bo‘lsa, 17 iyun kuni viloyatning ikkita tumani – Oltinko‘l va Baliqchi tumanlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari ochildi. Hozirda Andijon viloyatidagi mana shunday markazlar soni 14 taga yetdi. Ochilish marosimlarida AKT vazirligi Ishchi guruhi a’zolari, IT-Park va tumanlar hokimliklari mutasaddilari, yoshlar ishtirok etishdi.

Har ikki tuman pochta bog‘lamalarida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan hamkorlikda aholiga talabgir elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etish joiz.

Xizmat safarining uchinchi kuni esa Andijon davlat tibbiyot institutida Inkubatsiya va akselator markazi ochildi. Markaz institut va IT-Park hamkorligida tashkil qilingan.

Kuni kecha, 18 iyun kuni AKT vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi Ishchi guruh «O‘zbektelekom» AK Andijon filialining Andijon shahar telekommunikatsiyalar bog‘lamasida bo‘ldi. Ushbu o‘rganishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti  boshlig‘i Olimjon Umarov ham qatnashdi.

Andijon shahar aholisi nufuzi qayrib 500 ming nafarni tashkil qiladi. Aholi xonadonlari va tashkilotlarda 55 mingga yaqin telefon ishlab turibdi. Albatta, ana shu telefonlar hamisha soz ishlab turishi, umuman olganda, telekommunikatsiya xizmatlarida uzulishlar bo‘lmasligi uchun shahar telekommunikatsiyalar bog‘lamasi binosining birinchi qavatida zamonaviy Savdo va xizmat ko‘rsatish ofislari tashkil qilingan. Bu yerda mijozlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xizmat ko‘rsatish ofislarida internet, uy telefoniga ulanish, «O‘zMobayl» sim kartalarini olish mumkin.

AKT vaziri Shuhrat Sodiqov ofis xodimlari bilan suhbatlashdi. Muammolari va rejalari bilan qiziqdi. Ofis menejeri Gulira’no Hakimova 21 yildan beri aloqa sohasida mehnat qilib keladi. Uzoq yillar sohada ishlagan onasi Muqaddam Valiyeva sababli bu kasbga mehri tushgan. Andijon aloqa kasb-hunar kollejida tahsil olgan.  

Ofis menejeri Feruza Yoqubova esa yetti yildan buyon axborot texnologiyalari sohasida xizmat qiladi. «Bajarayotgan ishimdan xursandman», deydi u. Uning aytishicha, mobil internetga talab katta ekan.

– Avvalo, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun barcha ish sharoitlari qulay bo‘lishi kerak, – dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov xodimlar bilan muloqot davomida. – Xodim esa bilimli, o‘z kasbining ustasi bo‘lishi shart.  Mijozlarni ko‘ngliga yo‘l topa olish ham bilimni talab qiladi. Shuning uchun doimo o‘z ustlaringizda ishlashlaringiz, o‘qib-izlanishlaringiz kerak bo‘ladi.

Bog‘lamaning ikkinchi qavatida xizmat xonalari zamonaviy ta’mirlanib, xodimlar uchun qator qulayliklar yaratilgan. Shundan so‘ng Ishchi guruh a’zolari barcha talablarga javob beradigan avtomat telefon stansiyalarini ko‘zdan kechirishdi. Tezkor xizmat ko‘rsatish, har bir mijoz bilan alohida ishlash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Tashrif davomida radiotelevideniye, pochta, telekommunikatsiya, mobil aloqa xizmatlari, IT-markazlar va boshqa yo‘nalishlarda alohida o‘rganishlar olib borildi, muammoli masalalar hal etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring