SMS davri tugadimi? AQSh operatorlari uning o‘rniga RCSni joriy etishga kirishdi
AQShning to‘rt uyali aloqa operatori — «AT&T», «Verizon», «T-Mobile» hamda «Sprint» matnli xabarlarni jo‘natishning yangi servisi — Cross-Carrier Messaging Initiative (CCMI) qo‘shma korxonasini tuzishga kelishib oldi. «Vesti» xabariga ko‘ra, yangi kompaniyaning Rich Communication Services (RCS) standarti SMS xizmatining o‘rnini egallaydi.
RCS standarti 2007-yildayoq ishlab chiqilgan bo‘lishiga qaramay, operatorlar o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab, joriy etilishi ortga surilib kelayotgandi. Uni SMS va MMSning boyitilgan gibridi sifatida ko‘rish mumkin. Birinchidan, RCS-xabar albatta manzilga yetib boradi. Xabar Wi-Fi vositasida yetib bormasa, oddiy uyali aloqa tarmog‘i orqali ham jo‘natilaveradi. Bu ham tugmali, ham sensorli telefonlar uchun birdek qulay.
Ikkinchidan, bu turdagi xabar hozirgi chatlarga xos barcha funksiyalar bilan boyitilgan. Unga yuqori sifatli suratlar qo‘shilgan mediakontentni qo‘shib jo‘natsa bo‘ladi, foydalanuvchi esa o‘zi yuborgan xabarni suhbatdoshi o‘qiyotganini indikator orqali bilib oladi.
Amerika operatorlari RCSni qo‘llovchi Android-ilovani 2020-yilda taqdim etishadi. U salonlarda sotiladigan barcha smartfonlarga oldindan o‘rnatiladi. CCMI kompaniyasi boshqaruvchisi Dag Garlandning aytishicha, yangi messenjer RCSning barcha funksiyalariga ega bo‘ladi: matn terish, mediafayllar va guruhli chatlar indikatorlari.
CCMI boshqa kompaniyalar, birinchi navbatda, «Samsung» va «Google» bilan hamkorlikka katta qiziqish bildiryapti. Guglchilar ijobiy javob berishdi, AQSh uyali aloqa operatorlari «ayfon» foydalanuvchilarini ham jalb etishga urinib ko‘rishdi, biroq hozircha «Apple»dan javob yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter