Sovrin jamg‘armasi 1 mln AQSh dollariga teng tanlov o‘tkaziladi — «President Tech Award»
Sovrin jamg‘armasi 1 mln AQSh dollari bo‘lgan «President Tech Award» tanlovini o‘tkazish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, tanlovda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan iborat jamoa ishtirok etishi mumkin.
Tanlov 2023-yilda quyidagi 5 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi:
- Sun’iy intellekt texnologiyalari — Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan turli sohalar uchun yechimlar;
- Ijtimoiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalar — ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, transport va logistika sohalarida operatsion jarayonlarini raqamlashtirish, davlat xizmatlarini elektron tarzga o‘tkazish yoki ijtimoiy sohalarda mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalar;
- Axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari — turli sohalarda dasturiy mahsulotlar va apparat-dasturiy majmualarning xavfsizligini ta’minlash, kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan loyihalar;
- Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar — tadbirkorlik sub’yektlari va xo‘jalik boshqaruv organlari uchun elektron tijorat, korporativ yechimlar va moliya texnologiyalarini yaratishga qaratilgan loyihalar;
- Kompyuter va mobil o‘yin dasturlari — kompyuter va mobil qurilmalar uchun offlayn yoki onlayn o‘yinlar ishlab chiqish hamda jarayonlarni geymifikatsiya etishga qaratilgan loyihalar.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etadigan 25 ta jamoa orasidan jamoatchilik tomonidan maxsus portalda ovoz berish orqali aniqlanadi.
Bunda, jamoatchilik tomonidan ovoz berish natijasiga muvofiq:
Har bir yo‘nalish bo‘yicha eng ko‘p ovozga ega bo‘lgan 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan (jami 15 ta) jamoalar tanlov g‘oliblari, qolgan 10 ta jamoa tanlov sovrindorlari deb hisoblanadi.
Tanlov g‘oliblari:
1-o‘rin uchun — 100 000 AQSh dollari;
2-o‘rin uchun — 50 000 AQSh dollari;
3-o‘rin uchun — 30 000 AQSh dollari.
Tanlov sovrindorlarining har biri — 10 000 AQSh dollari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Tanlovga 2023-yil mart oyida start berilishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter