Vazirlik va tadbirkorlar o‘z kuchlarini birlashtirdi
23-aprel kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida vazir o‘rinbosari Sherzod Shermatov boshchiligida ekspert-tahliliy guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish lozimki, ushbu guruh tarkibiga vazirlikning yuqori malakali xodimlari bilan birga mamlakatimizning muvaffaqiyatli tadbirkorlari: Zafar Hoshimov (Korzinka.uz), Aziza Umarova (Smart gov), Hikmat Abdurahmonov (AMBIT), Muzaffar Qosimov (Technoplaza), Botir Orifjonov (Paynet asoschisi) va Laziz Adhamov (SAP)lar kiritilgan.
Muloqotda Innovatsion rivojlanish strategiyasi loyihasi, shuningdek, O‘zbekistonning Innovatsiyalar global indeksidagi reytingini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Umuman olganda, ishtirokchilar Innovatsiyalar global indeksini mamlakatning innovatsion muhiti, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar va hozirgi holatni samarali usullarda baholaydigan tizim sifatida qayd etishdi. Shuningdek, uchrashuvda «Foresight» uslubi vositasida O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish ssenariysining qisqa va uzoq muddatli strategik tahlili muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv qatnashchilari – yetakchi tadbirkorlar innovatsiyalarni rivojlantirishda davlat rolini aniq belgilab olish zarurligini ta’kidladilar. Amalda davlatning turli loyihalarini amalga oshirishda davlat tashkilotlariga imtiyozlar berish an’ana tusini olgan. Tadbirkorlar bu borada, aksincha, davlat buyurtmalarini bajarishda ko‘proq xususiy sektorga imkoniyat yaratish lozim deb hisoblashadi. Shuningdek, ishtirokchilar real sektorga innovatsiyalarni joriy qilishda raqobatni oshirish asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lishini ta’kidladilar.
Yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Sherzod Shermatov vaqtlari tig‘iz bo‘lishiga qaramay, mamlakatning innovatsion taraqqiyoti manfaati yo‘lida vazirlik bilan kuchlarni birlashtirishga qaror qilgan tadbirkorlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter