TATUda 20 dan ortiq xorijiy mutaxassislar ishtirokida xalqaro onlayn konferensiya boshlandi
Bugun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Ozarbayjonning ADA universiteti hamda Elektrotexnika va elektronika muhandislari instituti (IEEE) bilan hamkorlikda «XIV IEEE Axborot kommunikatsiya texnologiyalari tatbiqi» xalqaro konferensiyasi boshlandi. Bu haqda TATU matbuot xizmati xabar berdi.
Kelgusida an’anaviy tarzda tashkil etilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya tashkilotchilar tomonidan bu safar, ma’lum sabablarga ko‘ra, onlayn shaklda o‘tkazilmoqda.
AICT2020 xalqaro konferensiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad — bugungi kunda jamiyatning barcha jabhalarida axborot texnologiyalarini qo‘llashning rolini yanada oshirish, tadbirkorlar, tadqiqotchilar, olimlar, dasturiy ta’minotlar bilan ishlovchi mutaxassislar, sanoat texnologiyalari bilan faoliyat yuritayotgan muhandislarni bir platformaga yig‘ish va ularning fikr mulohazalarini, takliflarini o‘rganish hisoblanadi. Xalqaro konferensiyaning maqsadidan kelib chiqib, tadqiqotchilar va amaliyotchilar ishlab chiqarishda, sanoatda, iqtisodiy sohadagi masalalar va muammolarni yangi innovatsion texnologiyalarga asoslangan ilmiy asoslangan biznes modellari va yechimlarini taklif etadilar. Tadqiqotchilar tomonidan taklif etilayotgan yechimlar xalqaro mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilishi va uning amaliyotga tatbiq etilishi yuzasidan fikr almashiniladi.
Konferensiyada 20 dan ortiq mamlakat olimlari 100 dan ortiq ilmiy maqolalari bilan ishtirok etmoqda.
Jahoning yetuk salohiyatli mutaxassislari algoritmlar, ma’lumotlar ilmi, dasturiy ta’minot injeneriyasi, kiberxavfsizlik, telekommunikatsiya va tarmoq texnologiyalari, AKTning turli sohalarga tatbiq etilishini 12 ta sho‘’badagi onlayn taqdimotlarda ko‘rsatib berishyapti.
Ushbu konferensiyaning o‘ziga xosligi shundaki, u Muhammad al-Xorazmiyning ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan. Shu bois o‘rta asrlar Sharqining yetuk allomalaridan biri bo‘lmish Muhammad al-Xorazmiyning ilmiy merosi — matematika, astronomiya va zamonaviy axborot texnologiyalari sohalariga qo‘shgan tengsiz hissasi xorijiy mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etib o‘tildi.
Konferensiya 7—9-oktyabr kunlari o‘z ishini davom ettiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter