Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tayyorlov kursi tinglovchilari kirish imtihonlarisiz Inha universiteti talabasiga aylanadi

Tayyorlov kursi tinglovchilari kirish imtihonlarisiz Inha universiteti talabasiga aylanadi

Foto: «Inha.uz»

2018-yilning 19-iyun kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) qoshidagi Uzluksiz ta’lim markazi tayyorlov kursi tinglovchilari orasida yakuniy imtihonlarni o‘tkazdi. Imtihon yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi tinglovchilar kirish imtihonlarisiz IUT talabasiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

IUT tomonidan yoshlarni oliy o‘quv yurtlarining kirish imtihonlariga tayyorlash maqsadida Uzluksiz ta’lim markazi tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu markaz matematika, fizika va ingliz kabi fanlardan o‘quv kurslarini taklif etadi.

Markaz tajribali va yuqori malakali o‘qituvchilarni jalb qilib, o‘quv jarayonini qattiq nazorat qiladi. Har uch oylik muddatda tinglovchilar oraliq nazorat topshirishadi va faqat muvaffaqiyatli tinglovchilargina o‘qishni davom ettirishadi.

«2018 yilning sentyabr oyida 460 nafarga yaqin yoshlar bir yillik va ikki yillik tayyorlov kurslariga ro‘yxatdan o‘tishdi va ularning faqatgina 150 nafarigina yakuniy imtihonlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi», — deya qayd etdi Uzluksiz ta’lim markazi menejeri Dilshod Soatmurodov. — «Bu biz tomonimizdan bitiruvchilar soniga emas, ta’lim sifatiga e’tibor berayotganimizdan darakdir».

Tayyorlov kurslarining yakuniy imtihonlari matematika va fizika fanlaridan o‘tkazildi. Toshkent shahridagi Inha universitetining «Logistika» fakultetiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan tinglovchilar faqatgina matematika fanidan imtihon topshirishdi. Imtihonda har bir fanga bir soatdan vaqt ajratildi.

Koreya Respublikasidagi Inha universiteti mutaxassislari IUTga kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga kelishdi. Imtihon savollari Janubiy Koreyada tayyorlandi va imtihondan bir kun avval O‘zbekistonga olib kelindi. Imtihon natijalari 2018-yilning 2-iyul kuni e’lon qilinadi.

Kurs yakunlari bo‘yicha tinglovchilar yakuniy imtihonlarni topshiradilar hamda 60 foizdan yuqori ball to‘plagan va eng yaxshi tinglovchilarning dastlabki 30 foizi qatoridan o‘rin egallagan tinglovchilar Toshkent shahridagi Inha universitetining talabasiga aylanadilar. Ular shuningdek, universitetning kirish imtihonlarida qatnashib, grant o‘rinlar uchun kurashish huquqini ham qo‘lga kiritadilar.

Yakuniy imtihonlarda ishtirok etgan litsey va kollejlarning birinchi va ikkinchi bosqich o‘quvchilari yakuniy imtihonlar natijalari bo‘yicha universitet talabalari bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi. Faqatgina ular litsey yoki kollejdagi ta’limni tugatib, diplom olgandan so‘ng universitetga qabul qilinadilar.

Imtihonlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti ma’muriyati kutish zalida imtihonlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatishni tashkil etdi. Ota-onalar imtihonlarni onlayn rejimida kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Bunga qo‘shimcha ravishda o‘quvchilarning ota-onalari va barcha xohlovchilar imtihonlarni Toshkent shahridagi Inha universitetining feysbukdagi sahifasi orqali onlayn rejimida kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Qayd etamiz, 2017-yili Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) qoshidagi Uzluksiz ta’lim markazi Tayyorlov kursi tinglovchilarining 94 foizi talaba bo‘lishdi. Jumladan 73 foiz tinglovchilar IUT ga kirishdi. Markaz xodimlari bu yil mazkur ko‘rsatkich yanayam yuqoriroq bo‘lishiga umid qilishmoqda.

Taqqoslash uchun: 2016 yili Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) qoshidagi Uzluksiz ta’lim markazi tayyorlov kursi tinglovchilarining 82 foizi talaba bo‘lishdi, ularning 61 foizi IUT ga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring