Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya vakili uch asosiy xatarni ochiqladi

Turkiya vakili uch asosiy xatarni ochiqladi

Raqamli diktatura, raqamli fashizm va dezinformatsiya jahon mamlakatlari, xususan, turkiy dunyo o‘lkalarining mustaqilligi va taraqqiyotiga jiddiy xavf solmoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi matbuot va teleradio bo‘limi rahbari, doktor O‘g‘uz Gyoksu Istanbulda bugun, 27 aprel kuni boshlangan Turkiy dunyo sharhlovchilari simpoziumidagi ma’ruzasida gapirdi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.

«Bugun xalqaro tartib-taomil yangilanmoqda. Bunga esa texnologiyalar sohasidagi evrilishlar ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Hozirgi o‘quvchi (tinglovchi, tomoshabin) oddiy iste’molchi emas, balki axboriy munosabatning ongli ishtirokchisidir. Ayni choqda, texnologiyalarning shiddatli taraqqiyoti omilini ham unutmaslik kerak», – deydi doktor O‘g‘uz Gyoksu.

Keyingi yillarda global texnologik shirkatlar favqulodda qudrat kasb etmoqda. Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi vakiliga ko‘ra, bu holatning salbiy jihati ham mavjud.

Gap shundaki, ko‘p millionlab foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotiga egalik qilayotgan yirik texnologik shirkatlar ularni o‘z manfaati yo‘lida tasarruf etishga urinmoqda. Bu esa  raqamli diktatura deb atalgan yangi bir fenomonni yuzaga keltirdi.

Boz ustiga, yirik shirkatlar global miqyosda auditoriyani o‘z yo‘rig‘iga solish, manipulyasiya qilish yo‘lidan bormoqda.

Islomofiya, turkofobiya kabi illatlar esa raqamli fashizm tegirmoniga suv quymoqda.

Geosiyosiy beqarorlik va axboriy xurujlar bir necha yuz millionlik nufusga ega turk dunyosi taraqqiyotiga ham jiddiy xatar tug‘dirmoqda.

«Yaqingacha turkiy dunyo o‘zini axboriy xurujlardan munosib darajada himoya qila olmagandir ehtimol. Ammo vaziyat o‘zarmoqda. Xususan, Ikkinchi Qorabog‘ urushida davrida biz yolg‘on va soxta axborotga qarshi kurash orqali vaziyat o‘zgarayotganini ko‘rsata oldik. Ta’bir joiz bo‘lsa, Qorabog‘ urushida nafaqat muhoraba maydonida, balki axboriy platformada ham g‘alabaga erishildi», – deydi doktor Gyoksu.

Notiqning ta’kidlashicha, bugungi kunda davlatlarning mustaqilligi raqamli mustaqillikni ham ta’minlamoqni talab etmoqda. Yanada aniqroq aytganda, axboriy xavfsizlik milliy xavfsizlikning tarkibiy qismiga aylandi.

Shunga ko‘ra, u turkiy davlatlar nafaqat siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, balki axborot jabhasida, xususan, raqamli fashizm, islomofiya, turkofobiya, kiberjinoyatlarga qarshi kurashda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmog‘i kerakligini ta’kidladi. Ayni choqda, raqamli savodxonlikni kuchaytirish muhimligi uqtirildi.

Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi vakili turkiy xalqlarning atoqli ma’rifatparvari Ismoil G‘aspiralining «Tilda, fikrda va ishda birlik» g‘oyasi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini qayd etdi.

Ma’lumot o‘rnida, Istanbulda o‘tayotgan Turkiy dunyo sharhlovchilari simpoziumida Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Shimoliy Kipr, Vengriya qatorida O‘zbekiston vakillari ham qatnashmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring