Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ucell talabalar uchun amaliy anjuman o‘tkazdi

Ucell talabalar uchun amaliy anjuman o‘tkazdi

26 aprel kuni Ucell bosh ofisida «(1G)a – (5G) mobil aloqa xizmatlari avlodlarini joriy etish» mavzusida talabalar uchun amaliy anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Amity va Turin politexnika universitetidan 36 nafar talaba ishtirok etdi.

Tadbirning birinchi qismida Ucell kompaniyasi texnik direktori va tarmoqni rivojlantirish xizmati rahbarlari o‘z faoliyati, ish tajribasi, Ucell kompaniyasidagi bugungi texnik rivojlanish, kasbiy mahorat sirlari  haqida ma’ruza qilishdi.  

Shundan so‘ng ishtirokchilar uchun 2G vs 3G sxema tuzilishi, rouming, tarmoqni rejalashtirish va optimallashtirishning asosiy tamoyillari kabi mavzularda taqdimotlar qilindi.

Ma’ruzalardan so‘ng mavzuni mustahkamlash uchun o‘tkazilgan interfaol o‘yinlar, guruhlarga bo‘linib, amaliy ishlash, ayniqsa, qiziqarli o‘tdi.  

Anjumanning yana bir amaliy tomoni – ishtirokchilar uchun ofis bo‘ylab ekskursiya tashkil etilganidir. Bunda talabalar Ucell ofisida ish jarayoni qanday kechishi, xizmat ko‘rsatish sifati aynan nimalarga bog‘liqligi va soha mutaxassislari bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. 

Ra’no Otabekova

– Konferensiyadan asosiy maqsad – oliy o‘quv yurtlari talabalarining  iste’dodini kompaniyamiz ichida rivojlantirish, – deydi Ucell kompaniyasi kadrlar bilan ishlash departamenti mutaxassisi Ra’no Otabekova. – Keyinchalik talabalarning amaliyot o‘tashi, o‘z sohasini chuqurroq o‘rganishi va kompaniyamizga ishga qabul qilishda ham bugungi ishtirokchilar bilan hamkorlikda ishlash ko‘zda tutilgan. Anjumanda ishtirok etayotgan talabalarni saralangan ishtirokchilar desak bo‘ladi. Chunki ular 200 nafar nomzod orasidan o‘z iste’dodi va bilimi bilan saralashdan o‘tgan. Amaliy mashg‘ulot va savol-javoblarda ham buni ko‘rish mumkin.

Farruh Abduvohidov

 – Anjumanda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining yigirmaga yaqin talabalari ishtirok etdi. Mobil aloqa sohasi, texnik imkoniyatlari, kirib kelayotgan yangi xizmatlar talabalar uchun judayam qiziq bo‘ldi, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Karera markazi rahbari Farruh Abduvohidov. – Universitetimiz va Ucell kompaniyasi anchadan buyon hamkorlikda faoliyat olib boradi. Bizda Ucell kompaniyasi laboratoriyasi ochilgan. Kompaniya ofislarida tashkil etiladigan ochiq eshiklar kunida ham talabalarimiz doim faol. Bugun ham talabalar o‘zlari sohaga qiziqish bildirib, ishtirok etish tashabbusi bilan chiqdi. Anjuman yosh iste’dodlarni rivojlantirish va bo‘lajak mutaxassislar salohiyatini oshirish, kasbiy rivojlanishiga amaliy yordam beradi. Ayniqsa ma’ruzachilar orasida universitetimizning sobiq talabalari borligi va ular bugun Ucell kompaniyasida rahbar lavozimlarda faoliyat olib borayotgani talabalar uchun yaxshi motivatsiya bo‘ldi. Bu uchrashuv talabalarga kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishish va Ucell da amaliyot o‘tash uchun muvaffaqiyatli nomzod bo‘lish imkoniyatini beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring